Ertaga, 16 iyul kuni Gruziyaning Batumi shahrida shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida davom etayotgan FIDE jahon kubogi 1/8 finalida Umida Omonova dunyo reytingida 3-o‘rinni egallab turgan Tingji Liga qarshi dona suradi.
Mazkur bosqichda shuningdek, jahon ayollar shaxmatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Dzagnidze(Gruziya) – M.Muzыchuk(Ukraina), Xampi(Hindiston) – Kostenyuk(Shveysariya), Son(Xitoy) – Djavaxishvili(Gruziya), Chju SzinerXitoy) – Divya(Hindiston), Lagno(FIDE) – Xarika(Hindiston), Tan Chjun’i(Xitoy) – Osmak(Ukraina) va Kamalidenova(Qozog‘iston) – Vayshali(Hindiston) to‘qnash keladi.

Ortda qolgan 3 ta tur natijalariga ko‘ra, FIDE jahon kubogi tashkiliy qo‘mitasi U.Omonovani 3-tur yakunlarining eng yaxshi shaxmatchisi sifatida e’tirof etdi.
Aytish lozim, FIDE reytingida 90-o‘rinni egallab turgan 19 yoshli Umida Omonova g‘oliblik yo‘lidagi o‘yinlarda fransiyalik Sofi Mile, polshalik Alina Kashlinskaya va qozog‘istonlik Elnaz Kaliaxmetdan ustun keldi.

Mukofot jamg‘armasi 676 ming 250 AQSH dollaridan iborat turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 50 ming, 2-o‘rin sohibi 35 ming, 3-o‘rin egasi 25 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. Musobaqada eng yaxshi natijaga erishgan qatnashchilarga ham belgilangan tartibda mukofot mablag‘lari topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, FIDE jahon kubogi 28 iyulga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA