Hindistonda SI markazlariga qarshi norozilik kuchaymoqda
Hindistonda sun’iy intellekt (AI) infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida ma’lumot markazlari qurilishi jadallashgani aholida norozik uyg‘otib, ekologiya muammolarini keltirib chiqarmoqda.
Bosh vazir Narendra Modi mamlakatni jahon ma’lumot xabiga aylantirishni rejalashtirgan. Ayni maqsad yo‘lida “Amazon”, “Google” va “Microsoft” kabi yirik texnologiya gigantlari Hindistonga milliardlab dollar investitsiya kiritmoqda.
Shunday loyihalardan biri “Amazon” kompaniyasining Mumbay yaqinidagi Tane shahrida barpo etayotgan data-markazi mahalliy aholining keskin noroziligiga uchradi.
Ilgari yashil bo‘lgan joyda daraxtlar kesilib, turar-joyga yaqin hududda ulkan qurilish ishlari boshlangan. Aholi shovqin, elektr va suv resursi tanqisligidan xavotirga tushgan.
Hindiston dunyo ichimlik suvi manbasining atigi 4 foiziga ega bo‘lgan holda, yer yuzi aholisining 18 foizini boqadi. Taxminga ko‘ra, yaqin yillarda mamlakatdagi ma’lumot markazlarining 60-80 foizi kuchli suv tanqisligiga duch keladi.
Mahalliy hokimiyat va “Amazon” vakillari resurs alohida manbalardan olinishini ta’kidlasa-da, e’tiroz to‘xtagani yo‘q. Yuzlab aholi namoyishga chiqib, majmuani odamlar yashaydigan hududdan ko‘chirishni talab qilyapti. Bunday ziddiyat nafaqat Hindiston, balki AQSH va Yevropa mamlakatlarida ham tobora avj olyapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA