Turkiy dunyoning ma’naviy merosi: adabiyot — davrlar va avlodlar muloqoti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning adabiyot rivojiga qaratayotgan e’tibori so‘z san’atida xalqaro hamkorlikning tobora mustahkamlanishiga muhim asos yaratmoqda. Buning samarasida keyingi yillarda qardosh xalqlar bilan adabiyot sohasidagi ma’rifiy aloqalar tobora ravnaq topmoqda. Birgalikda tashkil etilayotgan adabiy forumlar, anjumanlar va turli ijodiy loyihalar buning yorqin dalilidir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilarining «Turkiy dunyoning ma’naviy merosi: adabiyot — davrlar va avlodlar muloqoti» forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi, Birinchi turkologiya kongressining 100 yilligi (Boku, 1926), shuningdek, buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston va Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmalari hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi kabi tuzilmalar hamkorligida tashkil etildi.
Dastlabki tadbirlar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Qoramanas qishlog‘idagi Rahmatulla Rayimqulov nomidagi 34-sonli maktabda boshlandi. Bu yerda yangi o‘quv yilining tantanali ochilishi va «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirlari, yangilangan maktab kutubxonasi hamda kovorking majmuasining ochilish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida maktab kutubxonasiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi tomonidan kitoblar topshirildi.
Shu kuni «Rahmatulla Rayimqulov: avlodlarni birlashtiruvchi meros» mavzusida ijodiy uchrashuvlar va ochiq dars o‘tkazildi. Taniqli yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruza qildi.
Forum tadbirlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tugjanov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Mereke Qulkenov, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Akto‘ti Rayimqulova, shuningdek, ikki mamlakatning taniqli yozuvchi va shoirlari, olimlari hamda ijodkorlari ishtirok etdi.
3-sentabr kuni forum Toshkent shahrida davom etdi. Tadbirlar Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan forum dasturidan «Adabiy do‘stlik — abadiy do‘stlik» mavzusidagi kitoblar ko‘rgazmasi, Birinchi Boku turkologiya kongressining 100 yilligiga bag‘ishlangan arxiv materiallari ko‘rgazmasi, «O‘zbekiston va Qozog‘iston adabiy muloqoti: mushtarak meros, bugungi kun va hamkorlikning yangi ufqlari» mavzusidagi sessiya hamda «Turkiy dunyo adabiy hamkorligining yangi ufqlari» mavzusidagi davra suhbati o‘rin oldi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilari, olimlari, tarjimonlari va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tarjimalarni rivojlantirish, qo‘shma nashriyot loyihalarini amalga oshirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, adabiy merosni raqamlashtirish, shuningdek, ijodiy hamkorlikni yanada kengaytirish kabi muhim masalalar muhokama etildi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston va Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmalari o‘rtasida 2018-yil 7-avgustda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan bo‘lib, ikki mamlakat adabiy tashkilotlari ushbu hujjat doirasida qator adabiy loyihalar va tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Ushbu hamkorlik samaralari sifatida bir qator muhim loyihalarni keltirish mumkin. Jumladan, Qozog‘istonning «Tulg‘a Do‘stuq» («Ulug‘ do‘stlik») jamoat fondi bilan hamkorlikda «Juz өleң» — «Yuz she’r» loyihasi amalga oshirildi. Unga ko‘ra, 20 nafar yosh o‘zbek shoirining she’rlari qozoq tilida Olmaotada, 21 nafar yosh qozoq shoirining she’rlari esa Toshkentda o‘zbek tilida chop etildi.
Har yili 10-avgust kuni buyuk qozoq ijodkori Abay tavalludi O‘zbekistonda ham keng nishonlab kelinadi. O‘zbekistonlik olimlar ulug‘ qozoq oqini ijodiga bag‘ishlangan risola va kitoblar, shoir she’rlarining o‘zbek tilidagi tarjimalari jamlangan to‘plamlarni chop ettirdi.
Taniqli qozoq shoiri Nesipbek Aytuli Alisher Navoiy dostonlarini tarjima qilib, Olmaotada chop ettirdi. Qozoqboy Yo‘ldoshev, Ibodulla Mirzayev, Yangiboy Qo‘chqorov kabi o‘zbek ijodkorlari esa Abay asarlarini o‘zbek tilida nashr ettirdi.
«Turkiy adabiyot durdonalari» 100 jildlik asarlar majmuasining 10 ta jildi qozoq adabiyotiga bag‘ishlangan. Undan Abay, Jambul kabi qozoq mumtoz shoirlari bilan birga, Qalmaqon Abduqodirov, Sobit Muqonov, O‘ljas Sulaymonov, Anvar Olimjonov kabi taniqli qozoq shoir va yozuvchilarining asarlari ham o‘rin olgan.
Bu majmuani tayyorlashda Tursunali Ahmedov, Ergash Abduvalitov, Muzaffar Ahmad kabi ijodkorlarimiz katta mehnat qildi. Majmuaning qozoq adabiyoti bo‘limini tayyorlashda qator o‘zbek ijodkorlari ham faol ishtirok etdi. Ular orasida Yangiboy Qo‘chqorov, Alimurod Tojiyev, Ahmadjon Meliboyev, Muhammadsiddiq Rahmatov kabi ijodkorlar bor.
Majmuani nashrga tayyorlashda Qozog‘istonda istiqomat qilayotgan o‘zbek ijodkorlari — Bahodir Otash, Umroy Karimova, Robiya Do‘stona kabilar ham faol ishtirok etdi.
Forum sessiyasi «O‘zbekiston va Qozog‘iston adabiy muloqoti: umumiy meros, zamonaviylik va hamkorlikning yangi ufqlari» mavzusiga bag‘ishlandi. Sessiyada ikki mamlakat adabiyoti o‘rtasidagi tarixiy va bugungi aloqalar, mushtarak adabiy meros, ijodiy hamkorlik va o‘zaro tarjimalar masalalari muhokama qilindi.
Sessiya doirasida O‘zbekiston va Qozog‘istonda nashr etilgan kitoblar taqdimoti ham o‘tkazildi.
[gallery-31242]
Forum ikki mamlakat ijodkorlari o‘rtasidagi adabiy muloqotni yanada kengaytirish, mushtarak adabiy merosni o‘rganish va targ‘ib etish, o‘zaro tarjimalar hamda qo‘shma ijodiy loyihalarni rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
2022-yilda taniqli qozoq adibi Kamol To‘qayevning bir nechta qissalari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, Toshkent shahrida chop etildi. Qozog‘istonning «Taң-Sholpan» («Tong yulduzi») jurnali 2023-yilni «O‘zbek adabiyoti yili» deb belgiladi. Shu munosabat bilan jurnal yil davomida o‘ttizdan ortiq o‘zbek zamonaviy adabiyoti vakillarining asarlaridan namunalarni qozoq tiliga tarjima qilib, chop etdi.
2025-yilda Qozog‘istonning «Mereke baspalarы» nashriyoti O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan o‘zaro kelishuv asosida o‘zbek yozuvchilari va shoirlari asarlarini qozoq tiliga tarjima qilib, chop eta boshladi. 2026-yilda O‘zbekistonda taniqli qozoq ijodkorlari Qosimxon Begmanovning «Ulug‘dala sabosi», Mereke Qulkenovning «Shodlik» nazmiy va nasriy kitoblari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi.
Forum doirasida ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Yangilanish yo‘lidan borayotgan jonajon Vatanimizning ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi yuksalishi, boy o‘tmishi, kelajak sari dadil qadamlar sari odimlashi ushbu markazning betakror ekspozitsiyasida yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi asosida barpo etilgan ushbu muazzam maskan qardosh yurt ijodkor ziyolilarida unutilmas taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilarining «Turkiy dunyoning ma’naviy merosi: adabiyot — davrlar va avlodlar muloqoti» forumi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy-madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, mushtarak ma’naviy merosni keng o‘rganish va targ‘ib etish, o‘zaro tarjimalarni rivojlantirish hamda yangi qo‘shma ijodiy loyihalarga yo‘l ochishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, adabiyot — xalqlarning ma’naviy xotirasini asraydigan, ularni bir-biriga yaqinlashtiradigan va avlodlarni bog‘laydigan buyuk ko‘prik.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon To‘rayev (surat)
O‘zA