Muzeylar haftaligi doirasida ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda
Mamlakatimizda “Muzeylar haftaligi” doirasida turli ma’rifiy va madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Milliy merosga mening hissam” aksiyasi, noyob zargarlik buyumlari va milliy qo‘g‘irchoqlardan iborat yangi ekspozitsiya, shuningdek, bir qator ma’rifiy tadbirlar va mahorat darslari o‘tkazildi.
Tadbirlarda muzey xodimlari, hamkor tashkilotlar vakillari, san’at va madaniyat sohasi mutaxassislari hamda mehmonlar ishtirok etdi.
Yangi ekspozitsiyadan XIX–XX asrlarga oid 37 ta zargarlik buyumi hamda 26 ta milliy qo‘g‘irchoq namunasi o‘rin olgan.
Mazkur noyob kolleksiya “Tiklanish” ilmiy-madaniy loyihasi muallifi, O‘zbekiston xalqlari madaniyati va san’atining noyob antikvar namunalari kolleksiyasi asoschisi Faxriddin Abdujabborov tomonidan muzey fondiga topshirildi.

Ekspozitsiyaning bir qismi muzeyning “Temuriy malikalar” zalida namoyish etilmoqda. Taqinchoqlarda ajdodlarimizning yuksak badiiy didi, zargarlik san’atining an’anaviy usullari va nafis bezak madaniyati o‘z ifodasini topgan. Milliy qo‘g‘irchoqlar esa xalqimizning an’anaviy kiyinish madaniyati, urf-odatlari va milliy obrazlarini namoyon etadi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga ekspozitsiyaning mazmun-mohiyati, namoyish etilayotgan eksponatlarning tarixiy-madaniy ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Mazkur ekspozitsiyaning tashkil etilishi xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va keng jamoatchilikka targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
“Xattotlik — milliy qadriyatimiz”
Muzeyda tashkil etilgan “Xattotlik — milliy qadriyatimiz” mavzusidagi mahorat darsi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur tadbir Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamkorligida o‘tkazildi.

Mahorat darsini Miniatyura va kitob grafikasi kafedrasi o‘qituvchisi Avazbek Qodirov olib bordi. Amaliy mashg‘ulot jarayonida ishtirokchilar xattotlik san’atining o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishib, ustozning amaliy ko‘rsatmalari asosida yozuv namunalarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Xattotlik san’ati asrlar davomida ajdodlarimizning ilmiy, ma’naviy va badiiy merosini avloddan avlodga yetkazishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilgan. Shu bois mazkur san’atni o‘rganish va targ‘ib etish milliy madaniy merosimizni asrab-avaylashning muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, xattotlik san’ati bo‘yicha o‘zaro fikr va tajriba almashdi.
“Buyuk Temuriylar — Yangi O‘zbekiston ma’naviyati ko‘zgusida”
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi hamda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Buyuk Temuriylar — Yangi O‘zbekiston ma’naviyati ko‘zgusida” nomli kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Ko‘rgazmadan Amir Temur va Temuriylar davri tarixi, davlatchiligi, ilm-fani, madaniyati va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan ilmiy, tarixiy, badiiy hamda ma’rifiy nashrlar o‘rin oldi.
Tadbir doirasida tashrif buyuruvchilarga Temuriylar davrining boy tarixiy va ma’naviy merosini aks ettiruvchi nashrlar haqida ma’lumot berildi.

Mazkur ko‘rgazma buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib etish, yosh avlodning milliy tarixga qiziqishini oshirish hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA