“Muzeylar haftaligi” boshlandi (+video)
2–8-sentabr kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Muzeylar haftaligi” doirasidagi tadbirlar O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida ham boshlandi.
Muzey — shunchaki tarixiy buyumlar saqlanadigan maskan emas, balki o‘tmish va bugunni bog‘lovchi, tarixiy xotirani asrab-avaylovchi hamda yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalovchi muhim ma’rifat maskanidir. “Muzeylar haftaligi” esa aholining tarixiy-madaniy merosimiz bilan yaqindan tanishishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
Yaqinda rekonstruksiyadan chiqarilib, ekspozitsiyasi yangilangan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi uchun bu yilgi “Muzeylar haftaligi” alohida ahamiyatga ega. Ikki yillik tanaffusdan so‘ng haftalik doirasidagi tadbirlarning muzeyda qayta tashkil etilishi, ayniqsa, tashrif buyuruvchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Haftalik doirasida muzeyga tashrif buyurganlar yangilangan ekspozitsiya bilan tanishish barobarida, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Ayniqsa, bolajonlar uchun muzey qoshida faoliyat yuritayotgan “Bolalar bo‘limi”ning imkoniyatlari kengaytirilgani e’tiborga molik.
Mazkur bo‘limda kulolchilik va rassomchilik mashg‘ulotlari ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ushbu mashg‘ulotlar bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularni milliy hunarmandchilik va san’atga qiziqtirishga xizmat qilmoqda.
“Muzeylar haftaligi” 8-sentabrga qadar davom etadi. Haftalik doirasida mamlakatimizdagi davlat muzeylarida ko‘rgazmalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, ochiq darslar va boshqa madaniy dasturlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
“Muzeylar haftaligi” fuqarolar uchun xalqimizning boy tarixi va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish, uni o‘rganish va qadrlash uchun muhim imkoniyatdir.
Mehrojiddin Umurzaqov, Oybek Davronov, Iskandar Ismatov, O‘zA