“Turk-Lab-Med” Termizda hamkorlikni kengaytirmoqda
Termizda “Turk-Lab-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Termiz davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali hamkorligida barpo etilgan zamonaviy o‘quv-laboratoriya markazi ochildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda “Turk-Lab-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyati, sog‘liqni saqlash sohasi mutasaddilari va mutaxassislari, nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etdi.


Keyingi yillarda yangi bosqichda rivojlanayotgan O‘zbekiston-Turkiya do‘stlik aloqalari doirasida Termiz davlat universiteti Turkiyaning viloyat markazida bunyod etgan “Kani-lab” laboratoriyasi bilan ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu hamkorlik qariyb besh yil muqaddam Termiz davlat universitetining biologiya ta’lim yo‘nalishi talabalarini turli qon tahlillarini amalga oshiradigan “Kani-lab” laboratoriyasida o‘rnatilgan xorijning asbob-uskunalari bilan tanishtirishdan boshlandi. Talabalarga laboratoriyaning zamonaviy asbob-uskunalaridan foydalanib, mikrobiologiya fanining laboratoriya o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tash imkoniyati yaratildi. Bakalavriat va magistratura talabalarining bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik dissertatsiyalarini laboratoriya salohiyati hamda yetakchi mutaxassislarining tajribalaridan foydalangan holda himoya qilish joriy etildi.


Foydalanishga topshirilgan yangi o‘quv-laboratoriya markazi Termiz davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali talabalarining amaliy mashg‘ulotlarni yanada sifatli bajarib, fan sirlarini chuqur egallashga, ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda mikroorganizmlar biologiyasini o‘rganish, hujayraviy tuzilishi, kulturalar hosil qilish, mikroblarni turlarga ajratish, immunoferment analizi, mikroorganizmlarni aniqlash kabi xizmatlar ko‘rsatiladi.


Tadbir qatnashchilari laboratoriyada yaratilgan sharoitlar, o‘rnatilgan zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar, ko‘rsatiladigan xizmat turlari bilan yaqindan tanishdi.
Markazning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri