O‘zbekiston o‘zining boy madaniy tarixi va qadriyatlari bilan azaldan dunyo xalqlari sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shib, G‘arb va Sharq madaniyati uyg‘unlashuvida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tab kelgan. So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan ochiqlik siyosati, dunyo mamlakatlari bilan barqaror rivojlanib borayotgan savdo, iqtisodiy-gumanitar hamda ijtimoiy aloqalarning jadallashuvi bois, bugungi kunda mamlakatamizning boy madaniy tarixi va qadriyatlariga bo‘lgan qiziqish har qachongidan-da ortmoqda.
Ushbu jarayondagi e’tiborga molik yana bir jihat, bu — turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda sohani yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan huquqiy hujjatlarning qabul qilinishidir. Jumladan, o‘tgan besh yillik vaqt davomida 100 ga yaqin mamlakat fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim tizimi yaratilgan bo‘lsa, yana ko‘plab mamlakatlar fuqarolari uchun elektron shaklda viza olish imkoniyatlari yaratildi. Natijada 2017 yilda mamlakatimizga 2,69 mln. nafar xorijlik turist tashrif burgan bo‘lsa, pandemiyadan oldin ushbu ko‘rsatkich uch barobarga oshib, 6,75 mln. kishiga yetdi.
Ammo yurtimizning boy tarixi, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini hisobga olsak, ushbu sohada erishilgan natijalar kishini quvontiradigan darajada emas. Sababi, sohani taraqqiy etishi nafaqat mamlakatning turistik jozibadorligini oshishiga, shu bilan birga, iqtisodiyot, aholi bandligi, infratuzilma rivoji, ilm-fan taraqqiyoti kabi ko‘plab sohalarga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Shu bois yaqinda Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari atroflicha muhokama qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.
Xususan, yig‘ilishda pandemiya paytida o‘rnatilgan cheklovlar birin-ketin kamayayotgani tufayli turizm industriyasi tiklanayotganligi, joriy yilning birinchi choragida yurtimizga xorijdan 610 ming nafar yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar ko‘p turistlar kelganligi qayt etildi. Tahlillar natijasi, keyingi oylarda turistlar oqimi yanada ko‘payishini ko‘rsatmoqda.
Ammo bugungi kunda ayrim hududlarda turistlar sonining ortishiga munosib ravishda xizmat ko‘rsatish tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida mehmonxona o‘rinlari yetarli darajada tashkil etilmagan. Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida esa, mavjud katta imkoniyatlardan foydalanilmayapti. Jumladan, yoshlarga mos turistik xizmatlar juda kam tashkil etilgan. «Oilaviy» va «barchasi ichida» xizmatlarni joriy qilish ishlari sust amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, bugungi kunda hududlardagi 206 ta termal va mineral suvli buloqlarning atigi 18 tasidan foydalanilayotganligi, sayyohlarni jalb qilishda yurtimizdagi mavjud 122 ta muzeylardagi 2 million 500 mingdan ortiq ashyolarning 112 mingtasi jahon tarixi va madaniyati uchun noyob hisoblanishiga qaramasdan imkoniyatlardan unumli foydalanilmayotganligi tanqid qilindi. Barcha aholida ham uzoqdagi muzeylarga borish imkoniyati yo‘qligi bois, «San’atni xalqqa yaqinlashtirish» dasturi doirasida hududlarda muzeylarning ko‘chma ko‘rgazmalarini tashkil qilish kerakligi aytildi.
Shu bilan birga, barcha imkoniyatlarni ishga solib, turizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, avvalo har bir viloyatda sayyohlarni o‘ziga ohanraboday jalb qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Bunda Boysundagi dunyodagi eng chuqur g‘orlardan biri hisoblangan Boybuloq, neandertal odam qoldig‘i topilgan Teshiktosh g‘orlari, qadimiy ellin madaniyati yodgorligi bo‘lmish Uzundara qal’asi va ushub hududlarning tabiati va iqlimidan to‘g‘ri foydalanish zarurligi aytib o‘tildi.
Bunday imkoniyatlar Bo‘stonliqdagi Tovoqsoy, Ohangarondagi Ovjasoy, Angrendagi Yangiobod, Shahrisabzdagi Miraki, Yangiqo‘rg‘ondagi Nanay, Popdagi Chodak qishloqlarida, Nukusdagi Ashshiko‘l, Buxorodagi Zikriko‘l, Jizzaxda Aydarko‘l va Tuzkon ko‘llari hududida turistlarni o‘ziga jalb qiluvchi cho‘milish zonalari tashkil etish mumkinligi ta’kidlandi.
«O‘zbekiston turizm magistrali» bo‘ylab, 31 ta tuman va shahar hududidan o‘tuvchi yo‘llar bo‘yida avtoturargoh, kemping, avtoservis, ovqatlanish, yoqilg‘i quyish kabi xizmatlarni qamrab olgan «Karvonsaroy»lar barpo etish choralari belgilandi.
Albatta, mamlakatda nafaqat xorijlik turistlar oqimini oshirish, shu bilan birga, ichki turizmni rivojlantirish ham muhim sanaladi. Yig‘ilishda, bu boradagi ko‘rsatkichni 10 million nafarga yetkazish vazifasi qo‘yilib, 1 iyuldan boshlab, turizm qishloqlarida mehmon uylari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, ko‘ngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor-yo‘g‘i 1 foizini to‘lashi ma’lum qilindi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida, bunday qishloqlarda mehmon uylari tashkil etishga 50 million so‘mgacha, o‘tov va eko-uylar majmuasiga 300 million so‘mgacha, chodirli lagerlar qurishga 300 million so‘mgacha kreditlar berilishi, har yili turizm qishloqlarining 200 nafar yoshlari byudjet hisobidan Turizm texnikumlarida bepul o‘qitilishi ta’kidlandi.
Turizm qishloqlarida yo‘l, elektr energiyasi, ichimlik suvi, aloqa tarmoqlarini yaxshilash uchun joriy yilda respublika byudjetidan 250 milliard so‘m ajratiladi. Shu bilan birga, xorijiy turistlarga sayohatning barcha bosqichlarini tashkillashtirishga ko‘maklashuvchi saytlar, mobil ilovalar yaratiladi.
Bundan tashqari, 1 sentyabrdan boshlab, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilayotgan fuqarolarga avia, temir yo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizi, mehmonxona xarajatining 20 foizi, muzey va boshqa madaniyat ob’ektlariga chipta narxining 50 foizini qaytarish tizimi joriy etiladi.
Sayohatlarni tashkil etishdagi eng muhim vositalardan biri, xavfsiz va arzon transport vositasi ekanligi hisobga olinib, sayyohlarning aviaqatnovlarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 1 iyuldan boshlab, «Ziyorat turizmi» dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinishi belgilandi. Shuningdek, 1 oktyabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan yangi “Silk avia” kompaniyasi tashkil etiladi. Xarajatlarni kamaytirish maqsadida 9 ta samolyot to‘liq ekonom-klassga o‘tkaziladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirishga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizning turistik salohiyatini yanada yuksaltirishga alohida ahamiyat qaratilgan. Jumladan, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling» dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 milliondan oshirish, xorijiy turistlar sonini esa 9 million nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Shuningdek, yuqorida ta’kidlaganimizdek, turizm sohasi xizmatlar sohasi o‘sishi va aholi bandligini ta’minlashda muhim yo‘nalish ekanligi inobatga olinib, 2026 yilgacha turizm sohasida band bo‘lgan aholi sonini 2 baravar oshirib, 520 ming nafarga yetkazish, bunda Samarqandni «Turizm darvozasi»ga aylantirish orqali kelgusi besh yilda turizm xizmatlari hajmini kamida 10 baravarga oshirib, turizm sohasida 40 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsad qilingan.
Oltinoy Mamirova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati