Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani ko‘paytirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Orolbo‘yi hududida etno va ekoturizm bo‘yicha ham imkoniyatlar to‘la ishga solinmay turganligi alohida qayd etildi.
Ayniqsa, jahon hamjamiyatining e’tiboridagi Savitskiy muzeyi, “Chilpiq” yodgorligi, Ayoz qal’a, Tuproq qal’a kabi 200 dan ziyod diqqatga sazovor joylar, 10 dan ortiq xalq o‘yinlari hududga turistlarni jalb etishga katta imkoniyat hisoblanadi.
– Turizm sohasida yaratilgan qulay sharoitlar va olib borilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida hududimizga keladigan turistlar sonining oshishiga va yildan-yilga ushbu sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning ortishiga erishilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm boshqarmasi boshlig‘i Gulbahor Izentayeva. – Albatta, bunday ko‘rsatkichlarga erishishda Qoraqalpog‘istonda turizmni rivojlantirish uchun o‘ta muhim bo‘lgan tarixiy farmon va qarorlarning tutgan o‘rni alohida sanaladi.

Jumladan, davlatimiz rahbarining 2024 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 maydagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida mehmonxona xizmatlarini rivojlantirish hamda qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida yangi turizm industriyasi ob’ektlarini ko‘paytirish orqali qulay sayohat qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jahon bozorida milliy turizm mahsulotlarini faol targ‘ib qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish, ichki turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirish, transport logistikasidagi mavjud muammolarni hal etish, shuningdek, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik yo‘nalishi, xususan, turizm sohasida yaratilgan imkoniyat va qulay sharoitlar natijasida respublikaga tashrif buyurgan jami turistlar soni 2,2 million nafarni, shundan, 2,1 million mahalliy va 200 ming nafar xorijiy turistni tashkil qilib, turizm eksporti 32 million AQSH dollariga yetdi. Turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi joylashtirish vositalari soni 111 taga, ulardagi o‘rinlar soni 2 ming 440 taga yetkazildi.

2025 yilda turistlar oqimini yanada oshirish, xizmatlar sifatini rivojlantirish, sohaga xorijiy investitsiya mablag‘larini jalb qilish hamda turizm eksportini oshirish bo‘yicha reja va takliflar ishlab chiqildi. Kelgusi yilda respublikaga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 3 million nafarga, shundan xorijiy turistlar sonini 400 ming, mahalliy turistlar sonini 2,6 ming nafarga yetkazish, turizm xizmatlari eksportini 50 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan.
Turistlarni keng jalb qilish, ularni Qoraqalpoq milliy madaniyati, qadriyat va urf-odatlari bilan tanishtirish maqsadida “NavrUZ”, “Ko‘chmanchi xalqlar madaniyati”, “Orol baliqlaridan 99 turli taom”, “Stihia” kabi yirik turizm festivallari hamda yilning har mavsumida “Open air fest” musiqa festivali o‘tkaziladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm salohiyatini xorijiy mamlakatlarda targ‘ib qilish maqsadida Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy hamda Arab davlatlarida o‘tkaziladigan nufuzli turizm yarmarkalarida turoperator bilan hamkorlikda faol ishtirok etib, turizm mahsulotlari va hudud turizm salohiyatini targ‘ib qilish rejalashtirilgan.
Kelgusi yilda 14 ta yangi mehmonxona, xostel va mehmon uylari tashkil etilib, joylashtirish vositalarini 125 taga, joylashtirish fondini 3 ming 100 taga yetkazish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati shakllantirilgan. Xususan, 2025 yilda amalga umumiy qiymati 72 million AQSH dollari bo‘lgan 20 ta yangi investitsiya loyihasi shakllantirilgan bo‘lib, xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha choralar davom ettiriladi.

Nukus shahri va Ellikqal’a tumanlarida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, Ellikqal’a tumanida yirik turizm majmuasi tashkil qilinadi. Aqchako‘l bo‘yida yiliga 100 ming dan ortiq turist jalb etiladi. Nukus shahrida besh yulduzli toifaga ega mehmonxona va restoran, savdo markazi tashkil qilinadi. Markaz yiliga 100 ming nafar turistga xizmat ko‘rsatadi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar respublikada qolish davomiyligini 2,5-3 kunga, bir sayyohning o‘rtacha xarajatini 300 AQSH dollaridan oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Nukus shahridagi 1,5 ga maydonda rossiyalik investorlar “A-J CONSTRUCTION” korxonasi tomonidan 50 million AQSH dollarlik zamonaviy mehmonxona va Kongress xoll tashkil qilish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu investorlar Rossiya, Turkiya davlatlari va mahalliy investorlar bilan birgalikda loyihani to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi.
Majmuada Kongress xoll, 102 o‘rinli besh yulduzli mehmonxona, 1 ta gipermarket, 5 ta restoran, 300 ta savdo ob’ekti, 3 ta 20 qavatli, avtomobillar uchun 11 ming metr kvadratli yer osti avtoturargoh joylashadi. Ikkinchisi Nukus shahri markazida “Karakalpak palace hotel” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 1,2 million AQSH dollarlik mehmonxona tashkil qilish loyihasi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida Nukus shahrida “Do‘stlik” kanali bo‘yidan 0,5 ga yer maydoni investitsiya kiritish majburiyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi asosida ajratilgan. Mehmonxona 125 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, qurilish ishlari boshlandi. Qurilish ishlari yakunlangandan keyin, soha mutaxassislarini jalb qilgan holda yulduzli toifali mehmonxonasiga ruxsatnoma olish choralari ko‘rildi.
Bugungi kunda “ALISHER-SULTANBEK” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tashkil etilayotgan 60 o‘rinli mehmonxona qurilishi ishlari boshlandi. Nukus shahrida “MASSAGET HOTEL” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 48 o‘rinli mehmonxona tashkil etish loyihasi 2025 yil birinchi choragida ishga tushiriladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2025 yili Qoraqalpog‘istonda 3 ta asosiy yo‘nalishda jumladan, qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Bu yerda yangi turizm yo‘nalishlarini ochish va ularga infratuzilma olib borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri