Buxoro va Surxondaryo: turizmda yangi yo‘llar sari
Bir yurtning ikki gavhari — tarixiy Buxoro va betakror Surxondaryo turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish sari qadam tashlamoqda. Bu galgi muloqot oddiy uchrashuv emas, balki ikki hududning turistik imkoniyatlarini bir nuqtada birlashtirib, sayyohlar uchun yangi manzillar va yangi yo‘nalishlar ochishga qaratilgan amaliy tashabbus sifatida ahamiyatli bo‘ldi.
Bugun yurtimizda turizm iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylanib bormoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan turizmni hududlarning iqtisodiy o‘sishi, yangi ish o‘rinlari va aholi daromadlarini oshirishning muhim manbai sifatida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, har bir viloyatning o‘ziga xos tarixiy, madaniy, tabiiy va ziyoratbop salohiyatini yagona turistik makonda birlashtirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Shu nuqtai nazardan Buxoro viloyatiga Surxondaryo turizm sohasi vakillarining tashrifi muhim amaliy ahamiyat kasb etdi. Buxoroning boy turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish, hududlararo hamkorlikni kuchaytirish va ichki turizm geografiyasini yanada kengaytirish maqsadida Surxondaryo viloyatining turizm sohasi vakillari uchun Buxoro bo‘ylab infotur tashkil etildi.
Infotur davomida mehmonlar Buxoroning sayyohlik imkoniyatlari, tarixiy-madaniy merosi, diqqatga sazovor maskanlari va turistlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrifning eng muhim qismlaridan biri Buxoro va Surxondaryo turoperatorlari o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuv bo‘ldi. Muloqot avvalida Surxondaryo viloyatining turizm salohiyati keng taqdim etildi.
Taqdimotda vohaning asrlar qa’ridan so‘zlaydigan tarixiy-madaniy merosi, muqaddas ziyoratgohlari, betakror tabiati, ekoturizm imkoniyatlari, tog‘-rekreatsiya yo‘nalishlari hamda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida ma’lumot berildi.

Aslida, Surxondaryo — qadimiy sivilizatsiyalar izlari, buddaviylik yodgorliklari, muqaddas qadamjolar, tog‘lar va betakror tabiat uyg‘unlashgan o‘lka. Buxoro esa Sharq sivilizatsiyasining eng yirik markazlaridan biri sifatida asrlar davomida dunyo sayyohlarini o‘ziga maftun etib kelayotgan tarixiy shahardir.
Endilikda ana shu ikki o‘ziga xos turistik makonni bir-biri bilan bog‘lash orqali sayyohlarga yanada boy va mazmunli sayohat dasturlarini taklif etish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Uchrashuv davomida qo‘shma turpaketlar ishlab chiqish, turistik mahsulotlarni o‘zaro targ‘ib qilish, sayyohlarga bir nechta hududni qamrab olgan sayohat dasturlarini taklif etish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bu borada turoperatorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Chunki zamonaviy sayyoh birgina shahar yoki bitta ob’ekt bilan cheklanib qolmaydi. U bir safar davomida tarix, madaniyat, ziyorat, tabiat va milliy taomlarni birgalikda ko‘rish va his qilishni istaydi.
Shunday ekan, Buxoro–Surxondaryo yo‘nalishi bo‘ylab kompleks turistik mahsulotlarni shakllantirish sayyohlar uchun yangi taassurotlar, tadbirkorlar uchun esa yangi bozor va yangi daromad manbalarini yaratishi mumkin.
Muloqot yakunida yangi turistik marshrutlarni yo‘lga qo‘yish, ikki hudud o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, turistik mahsulotlarni o‘zaro targ‘ib qilish hamda Buxorodan Surxondaryoga yo‘l oluvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

E’tiborli jihati shundaki, bunday hamkorlik faqat turizm sohasining o‘zi bilan cheklanib qolmaydi. Yangi marshrut — yangi mehmonxona, yangi gid, yangi transport xizmati, yangi savdo nuqtasi, milliy hunarmandchilik mahsulotlariga yangi talab va eng muhimi, mahalliy aholi uchun yangi daromad imkoniyati demakdir.
Bir tomonda — Buxoroning qadimiy madrasalari, minoralari, ziyoratgohlari va asrlar bilan bo‘ylashgan ko‘hna ko‘chalari. Ikkinchi tomonda esa — Surxondaryoning tog‘lari, muqaddas qadamjolari, arxeologik yodgorliklari va betakror tabiati.
Ularni bir turistik zanjirga bog‘lash orqali nafaqat ichki turizmni rivojlantirish, balki O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar uchun ham yangi, jozibador marshrutlarni taklif etish mumkin.
Bugun turizm sohasida raqobat faqat sayyohni jalb qilish bilan emas, balki unga yangi taassurot, qulay xizmat va unutilmas sayohat tajribasini taqdim etish bilan o‘lchanmoqda.
Buxoro va Surxondaryo hamkorligi ana shu maqsadga xizmat qiladi. Ikki vohaning tarixiy va tabiiy boyliklari, tadbirkorlari, turoperatorlari va turistik imkoniyatlari birlashsa, bu nafaqat yangi marshrut, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar zanjirini ham yuzaga keltiradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri