Mamlakatimizda aholi bandligini oshirish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada turizm va sport sohalarida ham yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi.
Xususan, turizm sohasini rivojlantirish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga joriy etilgan soliq va bojxona imtiyozlari 2022 yilning yakuniga qadar uzaytirildi. Xorijiy turistlar tashrifi doirasida undiriladigan turistik yig‘im 2023 yilga qadar bekor qilindi.
Joriy yilda turizm sohasida 200 ming ta ish o‘rinlari tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yaratilgan qulayliklar natijasida yanvar-oktyabr oylarida 260,1 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan.
Shu yil davomida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 3,6 millionga yetib, turistik xizmatlar eksporti 1 110,6 million dollarni tashkil etdi. Mahalliy sayyohlar soni esa 8,5 millionga yetgan. Hududlarda 108 ta yangi mehmonxona va 184 ta xostellar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jami joylashtirish vositalari soni 1 698 taga yetkazildi. 696 ta oilaviy mehmon uylari tashkil qilinib, ularning umumiy soni 3 139 ta, o‘rinlar soni 27,5 ming taga yetdi. Turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 212 ta yangi turistik tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi tufayli ularning soni 4 016 taga yetkazildi.
Sport sohasida esa joriy yilning yanvar-oktyabr oylari davomida jami 4 ming 53 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Shundan 1 ming 22 tasini davlat tashkilotlari, 3 ming 31 tasini xususiy tashkilotlar tashkil etadi. Tahlillarga ko‘ra, yaratilgan ish o‘rinlarining asosiy qismi sport ob’ektlari va klublari, fitness-klublar, sport ta’lim muassasalari va sport sohasidagi boshqa faoliyatlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, 2022 yil yakuniga qadar 27 ta sport ta’lim muassasalari tashkil etilishi natijasida o‘rtacha 2,1 mingta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Qolaversa, Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida 2022-2025 yillarda 64 ta sport ta’lim muassasalarini tashkil etilishi hisobiga o‘rtacha 5,8 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Ushbu ma’lumotlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda qayd etildi. Unda Turizm va madaniy meros hamda Sportni rivojlantirish vazirliklarining «Turizm va sport sohalarini rivojlantirish hisobiga yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitilib, mavjud kamchiliklar, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan taklif-tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA