Bugungi kunda turizm dunyo miqyosida yetakchi tarmoqlardan biriga aylangan. Yurtimizda ham ayni sohada juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangi-yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlar, xalqaro va mahalliy tadbirlar, sohaga oid ta’lim muassasalari tashkil etilishi faoliyat rivojiga hissa qo‘shmoqda.
Turistlar oqimini oshirish, xorijiy investorlarni jalb qilish va turizm yo‘nalishida salohiyatli kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Turizm va mehmonxona biznesi kafedrasi mudiri, professor Alisher ESHTAEV bilan suhbatlashdik.

– Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ning ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 200 millionga yaqin kishi turizm sohasida mehnat qilmoqda. Undan tushayotgan daromad 1 trillion AQSH dollarini tashkil etadi, – deydi A.Eshtayev. – Turistlar soni har yili 4-5 foiz ko‘payib, boshqa davlatlarga safar qiluvchilar 1 milliarddan oshadi. Qolaversa, hozir dunyoda yaratilayotgan har 10 ish o‘rnining bittasi aynan turizm sohasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Turizmda topilgan daromadning 30 foizi odamlarning qo‘liga ish haqi bo‘lib boradi, sanoatda va boshqa tarmoqlarda bu ko‘rsatkich 10 foizdan oshmaydi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishda turizm sohasini rivojlantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yilning 7 fevral kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida o‘tgan yili turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollar bo‘lgani, lekin bu imkoniyatlarimizga mos emasligi qayd etildi.
Masalan, Malayziya va Indoneziyada 7 millionga yaqin Naqshbandiya tariqati izdoshlari bor. Ular Umraga borishdan oldin ziyoratgohlarimizga sayohat qilishni istaydi. Bu sayyohlarni Kuala-Lumpur yoki Jakartadan Samarqand va Buxoroga kamida 2 kunga olib kelib, keyin o‘zimizning samolyotda Umraga yuborish uchun barcha sharoit mavjud. Mutasaddilarga Malayziya va Indoneziya ziyoratchilari uchun “Umra plyus” turpaketini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shahrisabzda “Oqsaroy”, Xivada “Ichan qal’a”, Buxoroda “Labi hovuz”, Toshkentda “Yangi O‘zbekiston” maydonlari bo‘lsa-da, ularda konsert, ko‘rgazma, forumlar o‘tkazish bo‘yicha reja qilinmagani ko‘rsatib o‘tildi. Yurtimizdagi 6 ta turistik markazda xalqaro darajadagi san’atkorlarning konsertlari tashkil qilinsa, mehmonxona, restoran, kafe, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari sayyohlar bilan to‘lishi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga kamida 1 million turistni olib keladigan konsert, biznes forumi va ko‘rgazmalar o‘tkazish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, to‘liq o‘rganilmagan tarixiy ob’ektlar juda ko‘pligini inobatga olib, olimlar bilan birgalikda jozibador tarixiy ob’ektlarni aniqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirilgani alohida ta’kidlandi.

Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, xorijiy turistlar soni 2017 yilda 2,7 million nafar bo‘lgan, 2024 yilda esa 10,2 million nafar sayyoh tashrif buyurgan. Turistlarning o‘rtacha qolish kuni 7-8 kunni tashkil etib, o‘tgan davr (2-3 kun)ga nisbatan 3 baravarga ortgan. Har bir xorijiy turistning respublika hududida bevosita sayohat xarajatlaridan tashqari sarflaydigan o‘rtacha mablag‘ summasi 2017 yilda 197 AQSH dollarini tashkil qilgan, bu 2024 yilda 430 AQSH dollariga yetdi va turizm eksporti hajmi 2024 yilda 3,5 milliard dollar bo‘lgan.
– Ma’lumki, turizm sohasini rivojlanishiga eng katta ta’sir qiluvchi omillardan biri, bu kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq jarayondir. Xo‘sh, bugungi kunda sohada kadrlar tayyorlash jarayoni qay darajada tashkil qilinmoqda, muammolar nimada, ularni yechish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?
– Bugungi kunda mamlakatimizda 35 ta davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan turizm sohasi uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanmoqda. Ushbu oliy ta’lim muassasalarida 10000 dan ortiq talaba o‘qib, ularga sohaga tegishli fanlar bo‘yicha 400 ga yaqin professor-o‘qituvchi dars bermoqda. Shuningdek, 50 dan ortiq davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida o‘rta bo‘g‘in uchun kadrlar tayyorlanadi.

Turizm sohasida kadrlar tayyorlash jarayonida bir qator muammolar ko‘zga tashlanmoqda, jumladan, ta’lim tizimini amaliyotdan ajralib qolganini kuzatish mumkin. Bunda nafaqat turizm sohasida ta’lim olayotgan talaba va o‘quvchilar, balki ayrim holatlarda professor-o‘qituvchilar asosan nazariy bilimlar bilan chegaralanib qolayotgandek.
Bundan tashqari, mehnat bozorida turizm sohasida tayyorlanayotgan kadrlarning ish bilan ta’minlanganlik darajasi, ularga bo‘lgan ehtiyoj darajasi ham e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masala hisoblanadi.
Bugungi kunda ba’zi bir turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi ta’lim muassasalarida o‘quv-amaliy laboratoriyalarning mavjud emasligi, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini amaliyotga joriy etishda uzilishlar mavjudligi, ayrim tadqiqot ishlari ilmiy yangiliklari amaliyot talabiga javob bermasligi ham kuzatiladi.
Umuman olganda, bu kabi muammolarni bartaraf etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, turli me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 18 iyuldagi “Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarida turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash uch yillik ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yilishi va o‘quv jarayoni “blok modul” tizimiga asoslangan dual ta’lim shaklida tashkil etilishi belgilandi. Bunda o‘quv jarayonlarining nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ulushini, birinchi bosqichda 80 foiz nazariy va 20 foiz amaliy, ikkinchi bosqichda 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy, uchinchi bosqichda 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy bo‘lishi nazarda tutilgan.
Turizm sohasining boshqa sohalardan farqli jihatlaridan biri nazariyaning amaliyot bilan integratsiyasi keng yo‘lga qo‘yilishidir. Kadrlar tayyorlash jarayonida nazariy mashg‘ulotlar qisqarib, amaliy mashg‘ulotlar o‘sib borishi muhim ahamiyatga ega. Dual ta’lim tizimi asosida kadrlar tayyorlash tizimi Germaniya, Shveysariya, Fransiya, Ispaniya, Malayziya, BAA va bir qator rivojlangan davlatlarda keng yo‘lga qo‘yilgan. Qarorda turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini amaliyot bilan birga olib borish maqsadida ularning hududlarida amaliyot bazalarini tashkil etish, amaliyot bazalarida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun foyda solig‘i ushbu soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan holda to‘lanishi qayd etilgan.
O‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashda xalqaro darajada tan olingan ta’lim dasturlarini “franshiza” asosida joriy etish, turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalari bo‘yicha oliy ta’lim dasturlarini jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari asosida qayta ko‘rib chiqib, “Oliy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassislar klassifikatori”da kengaytirish hamda unga pazandachilik sohasida kadrlar tayyorlashga oid yangi ta’lim yo‘nalishini tatbiq etish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritish belgilandi. Bu esa nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Gastronomik turizmni rivojlantirishda pazandachilik muhim ahamiyatga ega, ammo mamlakatimizda pazandachilik sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Masalan, Irlandiyaning Dublin texnologiyalar universitetida bu soha bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi, amaliyot bazasi mavjud, u yerda talabalar tayyorlagan mahsulotlar iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotiladi va tushgan daromad talabalarga beriladi.
Ayrim oliy ta’lim muassasalarimizda amaliyot bazalari mavjud emas, talabalar faqat nazariy bilimlarga tayanib tayyorlanayotgan edi. Qarorda belgilangan oliy ta’lim muassasalarida turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida kadrlarga bo‘lgan buyurtmalarni shakllantirishda yo‘nalishlarga oid amaliyot bazalari mavjudligi qat’iy nazoratga olinishi ushbu muammoning yechimi bo‘ldi. Qarorda shuningdek, arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat ko‘rsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Qolaversa, turizm, servis, mehmonxona xo‘jaligi va gid (gid-tarjimon) tayyorlash sohasidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglar uchun o‘rta va qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish maqsadida turizm sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi tashkil qilinadigan bo‘ldi. Hozirgi vaqtda turizm va mehmonxona xo‘jaligi bo‘yicha dars beruvchi professor-o‘qituvchi va pedagoglarning soha bo‘yicha malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan, faqat pedagogik mahoratini oshirish bo‘yicha kurslar tashkil etilgan, bu esa ularning kasbiy mahorati oshishi, sohadagi yangiliklar, huquqiy me’yoriy hujjatlardan boxabar bo‘lishiga xizmat qilmaydi. Turizm sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi tashkil etilishi ayni muddao hisoblanadi.
– Yetuk kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish, amaliyot bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yishda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida turizm yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida turizm sohasida kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish, amaliyot bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish maqsadida ta’lim siyosati ishlab chiqilgan. Bunga asosan Turizm qo‘mitasida turizm va mehmonxona biznesi kafedrasining filiali tashkil qilingan. Ma’ruzalar soha mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda, o‘quv rejalari va dasturlarni ish beruvchilar bilan kelishish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Dual ta’lim asosida kafedrada dars berish uchun 7 nafar professor-o‘qituvchi jalb qilinib, darslar asosan amaliyot bazalarida amalga oshirilmoqda. Sohadagi yangiliklar, me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi o‘zgarishlar bilan tanishtirib borish maqsadida har oyda bir marta yetuk amaliyotchi mutaxassislar tomonidan master-klasslar o‘tish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.