Turizm loyihalari amalga oshiriladi
Ohangaronda turistik loyihalarni amalga oshirish, chet el sarmoyadorlarini jalb etish ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida Zaur Aliyev tuman hokimining turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida jalb etildi. Tuman hokimi huzurida o‘tgan uchrashuvda turizm sohasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Ohangaron tumanining “Ovjazsoy”, “Ertoshsoy” va “Jiblonsoy” tog‘li zonalarida “yaxlit hudud” tamoyili asosida turizm zonasi tashkil etilishi belgilangan. Unga ko‘ra, Turkiyaning “Sigma” kompaniyasi bilan hamkorlikda ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqildi.
Dastlabki bosqichda mazkur yirik loyihaga 750 million dollar miqdoridagi investitsiya jalb etilib, 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun 3-5 kunlik tashrif dasturlari tayyorlanishi belgilangan.

Uchrashuvda ushbu masalalar batafsil muhokama etilib, loyiha uchun ajratilgan 650 gektar yerda dastlabki o‘rganish ishlarini olib borish, investorlarni jalb etish maqsadida, tumanning jozibadorligini ochib berishga qaratilgan videorolik tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘zaro suhbat davomida tumanning Shodmalik mahallasi hududidagi 60 gektar yer maydonida “Dubai Motiongate” xalqaro brendi ostida kuniga 20 ming nafar xorijiy va mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lgan “Motiongate Uzbekistan” ko‘ngilochar tematik parkini tashkil etish loyihasi haqida ham so‘z bordi. Bu orqali 3 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etildi.

Tuman hokimi Doniyor Madirimov turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirishdan asosiy maqsad tuman aholisining bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish orqali aholi farovonligiga erishish ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
A.Musayev, O‘zA.