Jurnalistlar poytaxt gözalliklaridan bahramand bölişdi
Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi Sirdaryo viloyati bölimi taşabbusi bilan «Keksalar uçun turizm oyligi» doirasida 25–26-noyabr kunlari faxriy jurnalistlar hamda bugungi kunda sohada samarali faoliyat yuritayotgan telejurnalistlar uçun Toşkent şahriga ikki kunlik sayohat taşkil etildi.
— Bu kabi sayohatlar nafaqat poytaxtimizning boy tarixi, betakror meʼmoriy obidalari va bugungi taraqqiyoti bilan yaqindan tanişiş, balki soha vakillari örtasidagi hamjihatlikni mustahkamlaş, tajriba almaşiş uçun ham muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, köp yillar davomida matbuot va jurnalistika sohasida samarali mehnat qilgan faxriylar bilan bugungi avlod vakillarining bir davrada jam bölişi, ularning boy hayotiy va kasbiy tajribasini örganiş alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, ustozlar mehnatiga hurmat körsatiş, yoş avlodni qöllab-quvvatlaş va avlodlar davomiyligini taʼminlaş bunday taşabbuslarning asosiy maqsadlaridan biridir, — deydi Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi Sirdaryo viloyati bölimi raisi Fayzullo Bobodöstov.

Sayohatning ilk manzili Zangiota ziyoratgohi böldi. Iştirokçilar bu yerda buyuk avliyo Zangiota maqbarasini ziyorat qilib, majmuaning tarixi, meʼmoriy xususiyatlari va maʼnaviy ahamiyati bilan tanişdilar. Asrlar davomida xalqimizning eʼtiqodi va milliy-maʼnaviy qadriyatlarini özida mujassam etgan uşbu qadamjo mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Şundan söng sayohat Özbekiston Respublikasining Birinçi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida davom etdi. Mehmonlar bu yerda Islom Karimovning hayot yöli, davlat va jamiyat boşqaruvidagi faoliyati, şuningdek, mamlakatimiz tarixida tutgan örni haqida maʼlumotlarga ega böldilar.

Sayohat dasturidan örin olgan navbatdagi manzil — Özbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi böldi.
— Markazda xalqimizning boy diniy-maʼrifiy merosi, jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga qöşgan hissasi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda noyob tarixiy qölyozmalar bilan tanişdik. Bu yerda namoyiş etilgan tarixiy aşyolar, ilmiy-maʼrifiy ekspozitsiyalar ötmişimiz, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros haqida yanada kengroq tasavvur uyğotadi. Ayniqsa, milliy qadriyatlarimiz va ilm-fan taraqqiyoti örtasidagi uzviy boğliqlikni namoyon etuvçi eksponatlar katta qiziqiş uyğotdi, — deydi Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi aʼzosi Zokirjon Oqulov.
Ikki kunlik sayohat davomida iştirokçilar poytaxtning diqqatga sazovor maskanlari, tarixiy obidalari va zamonaviy bunyodkorlik namunalari bilan tanişib, özaro samimiy muloqot va tajriba almaşiş asnosida maroqli dam oldilar.
Ğulom Primov, ÖzA muxbiri