Turizm: Buxoro va Malayziya hamkorligi rivojlanmoqda
Buxoro viloyati turizmni rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Malayziyaning turizm, san’at va madaniyat vazirligi huzuridagi “Islom turizm markazi” (Islamic Tourism Center) o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama etish bo‘yicha onlayn muloqot tashkil etildi.
Muloqotda departament hamda Malayziya “Islom turizmi markazi” vakillari qatnashdi.
Muloqot davomida Buxoro turizm texnikumida Ziyorat turizmi sohasida “Mutaxassislarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash O‘zbekiston-Malayziya markazi”ni (Uzbek-Malaysian Center for Advanced Training on Ziyarah Tourism) tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Viloyatning ziyorat turizmi salohiyatini Malayziyada keng targ‘ibot qilish orqali sayyohlar oqimini ko‘paytirish, mahalliy tashabbuskor tadbirkorlar va Janubiy Sharqiy Osiyo mintaqasidagi salohiyatli kompaniyalar bilan “Umra plyus” dasturi orqali mamlakatimizga keluvchi ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatuvchi mehmonxonalar tizimini shakllantirish borasida muzokaralar olib borildi.
“Ziyorat turizmi”, “muslim friendly” va "halol turizm" standartlarini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston turizm sohasi vakillari uchun vebinarlar tashkil etish, “O‘zstandart” Agentligi tomonidan Buxoroda tashkil etilayotgan Respublikada birinchi “Halol standart laboratoriyasini”da malakali xodimlarni tayyorlash bo‘yicha Malayziya halol standart tashkiloti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA