“To‘ra Sulaymon zamondoshlari xotirasida” kitobi taqdimoti
Xalqimizning ulug‘ siymolarini yod etish, ular qoldirgan boy merosni qadrlash va kelajak avlodga yetkazish har bir ma’rifatparvar jamiyatning muqaddas burchidir.
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida “To‘ra Sulaymon zamondoshlari xotirasida” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi qaroriga asosan tashkil etilgan O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymonning Turg‘un Ahmedov mahallasida joylashgan uy-muzeyida bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizdagi taniqli yozuvchi va shoirlar, filolog olimlar, ijodkorlar, san’at va ta’lim sohasi vakillari, shoirning farzandlari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida mehmonlar tomonidan shoir haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, uning ruhiga ehtirom ko‘rsatildi.
“Ketma, bahor, mening bog‘imdan” nomli madaniy-ma’rifiy kechada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, xalq yozuvchisi Muhammad Ali, professor Adhambek Alimbekov, shoira Muhtarama Ulug‘ova, shoira Noriniso Qosimova, professor Ravshanbek Mahmudov, senator Pokiza Axmedjanova va boshqalar so‘zga chiqib, To‘ra Sulaymonning ijodiy faoliyati va adabiyotga qo‘shgan hissasi haqida samimiy fikrlarini bildirdi.
[gallery-23062]
–To‘ra Sulaymon o‘zbek adabiyoti va ma’naviy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan zabardast shoir, keng hayot tajribasiga ega ma’rifatparvar ziyoli edi. Uning adabiy va ilmiy merosi yurtimiz yoshlari uchun muhim ma’naviy boylikdir,–deydi tadbirda so‘zga chiqqan professor Ravshanbek Mahmudov.
Shoirning qizi Yulduz Begaliyeva otasi haqidagi xotiralarini esladi.
–Bugungi tadbir esda qoladigan bo‘ldi. Unda otam hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “To‘ra Sulaymon zamondoshlari xotirasida” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Quvonarlisi, ushbu kitobda otamni ko‘rganlar, otam bilan birga yurgan shogirdlari, hatto ustozlari Zulfiyaxonim va Asqar Muxtorlarning fikrlari joy olgan. Shu bilan birga, otamni ko‘rmagan bo‘lsa-da, u kishining ijodiga befarq bo‘lmagan ijodkorlar va mening ham xotiralarim kitobda o‘z aksini topgan. O‘ylaymanki, bu kitob xalqimiz tomonidan ardoqlab, muhabbat bilan o‘qiladigan kitoblardan biriga aylanib qoladi,–dedi u.
Tadbir davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi nomidan 200 dona va Ravshanbek Mahmudovning kechagina chop etilgan "Gӯzallikka ishora bӯstonga oshiqligim" kitobi uy-muzey kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari tayyorlagan nazmiy guldasta, Guliston davlat universiteti dotsenti Abdurahim Sultonov ijrosidagi qo‘shiqlar, Sirdaryo viloyat maqomchilar guruhining kuy va ashulalari tadbirga fayz bag‘ishladi.
Yig‘ilganlar To‘ra Sulaymon uy-muzeyini adabiy-ma’rifiy anjumanlar markaziga aylantirish zarurligini ta’kidladilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri