Tinchlik hukmron mamlakatda turizm ham rivojlanadi
“O‘zekspomarkaz”da 6-oktabr kuni “Ipak yo‘lidagi turizm” XX Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi ochildi.
“O‘zekspomarkaz”da 6-oktabr kuni “Ipak yo‘lidagi turizm” XX Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi ochildi.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tomonidan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) ko‘magida tashkil etilgan mazkur forumning ochilishida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik firma va kompaniyalari, mehmonxonalar vakillari, soha mutaxassislari hamda yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisi Farrux Rizayev, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti ijrochi direktori Shaxzong Zu va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida sayyohlik sohasini izchil taraqqiy ettirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samarasini berayotganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimiz sayyohlik sohasida ulkan salohiyatga ega. Davlatimiz rahbari rahnamoligida turizm sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizning fusunkor tabiati, boy tarixi va madaniyati, betakror qadriyatu an’analari hamda muqaddas qadamjolari, noyob me’moriy obidalari va serfayz go‘shalari jahon sayyohlarini tobora o‘ziga rom etmoqda. Mamlakatimizda qaror topgan mustahkam tinchlik va barqarorlik, o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhiti, jahonga mashhur o‘zbekona mehmondo‘stlik, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari, yuksak sifatli xizmat ularning mazmunli hordiq chiqarishi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Bu O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar safining muttasil kengayishi, ichki turizmning rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi farovonligining oshishiga xizmat qilayotir.
O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami va tarixiy obidalari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakat qatoridan joy olgan. Mamlakatimizda yetti mingdan ziyod tarixiy va madaniy yodgorlik bor. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari YuNESKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Mamlakatimizda sayyohlik infratuzilmasining barcha tarmoqlarini izchil rivojlantirish maqsadida yangi-yangi zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari, aeroportlar va transport kommunikatsiyalari barpo etilmoqda, yangi sayyohlik marshrutlari ishlab chiqilmoqda, servis xizmati tubdan yaxshilanayotir.
Sayyohlik borasidagi ulkan salohiyatni chet ellarda ommalashtirish, yurtimizga sayyohlarni yanada ko‘proq jalb qilish maqsadida mamlakatimiz sayyohlik tashkilotlari yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalarida muntazam ishtirok etmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida sayyohlikni rivojlantirishga doir manzilli dasturlar, ekoturizm, alpinizm, otda, tuyada, avtomobilda sayohat qilish, off-road sayohatlari, baliq ovi, rafting, geoturizm, madaniy-ma’rifiy turizm kabi yangi sayyohlik dasturlari amalga oshirilmoqda.

Sayyohlik sohasining huquqiy asoslari ham izchil takomillashtirib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori turizm va turistik infratuzilmani rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash, milliy turistik xizmatlarni xalqaro sayyohlik bozorlariga faol kiritishga xizmat qilayotir.
Mamlakatimizda xalqaro turizm bilan bir qatorda ichki turizmni ham izchil rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Zero, ichki turizm iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirishning muhim omilidir. Shu bois mamlakatimizda hududlarning sayyohlik imkoniyatlarini oshirish va targ‘ib etish, kurortlar hamda sayyohlik tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Har bir hududning o‘ziga xos jihatlari, ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda yangi turistik marshrutlarni ishlab chiqish, tarixiy-arxeologik bog‘lar barpo etish, qishloq joylarda turizm va turistik xizmatlarni rivojlantirish, avtomagistral yo‘llar, servis xizmati ko‘rsatish majmualarini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yurtdoshlarimizning mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilishi uchun qulay sharoit yaratish imkonini bermoqda.
O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, yurtimiz haqidagi tasavvurlarini boyitish soha xodimlaridan yuksak bilim va malaka talab etadi. Shu maqsadda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, poytaxtimizdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turizm kollejlarida sayyohlik marketingi va menejmenti, xizmat ko‘rsatish, xalqaro turizm, mehmonxona xo‘jaligi va restoran ishi yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash ushbu tarmoq rivojiga mutanosib ravishda takomillashib borayotgani samarasida xizmat ko‘rsatish sifati oshib, mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, obro‘-e’tibori yanada yuksalmoqda
O‘zbekiston bilan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti o‘rtasidagi aloqalar izchil taraqqiy etayotir. Mamlakatimiz ushbu tashkilotga 1993-yili a’zo bo‘lgan. 2004-yildan buyon Samarqandda Jahon sayyohlik tashkilotining Buyuk ipak yo‘lidagi mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning 1-3-oktabr kunlari Samarqandda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani O‘zbekiston bilan mazkur xalqaro tashkilot o‘rtasidagi faol hamkorlik yuksak sur’atlarda rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Sessiyaning ochilish marosimida Prezidentimiz nutq so‘zlagani mamlakatimizda turizm rivojiga naqadar yuksak e’tibor qaratilayotganining amaliy tasdig‘i bo‘ldi. O‘ttizdan ortiq mamlakat delegatsiyalari ishtirok etgan ushbu majlisda xalqaro turizmni yanada rivojlantirish hamda «Buyuk ipak yo‘li» brendini keng joriy etishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Mazkur sessiyaning aynan yurtimizda o‘tkazilgani O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora yuksalib borayotganining yaqqol tasdig‘i va mamlakatimiz ulkan sayyohlik salohiyatining yana bir e’tirofidir.
O‘zbekistonda YuNVTO bilan hamkorlikda xalqaro sayyohlik yarmarkalari, anjumanlar va seminarlar muntazam tashkil qilinmoqda. 1994-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ipak yo‘lidagi turizm” Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi shular jumlasidandir. O‘tgan davr mobaynida ushbu yarmarka Markaziy Osiyoning turizm sohasidagi yirik forumiga aylandi.
Mazkur yarmarka jahon jamoatchiligini mamlakatimizning sayyohlik borasidagi ulkan salohiyati bilan keng tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, yurtimizda sayyohlik biznesini izchil rivojlantirishga xizmat qilayotir.
Jahonda barcha turdagi sayyohlik xizmati ko‘rsatadigan kompaniyalarni birlashtiradigan mazkur ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma mamlakatimiz va chet el sayyohlik biznesi mutaxassislari uchun mo‘ljallangan. Bu yil yarmarkada Janubiy Koreya, Ispaniya, Avstriya, Shveytsariya, Hindiston, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Tailand, Singapur, Vengriya, Chexiya, Ruminiya, Latviya, Polsha, Indoneziya, Eron, Turkiya kabi dunyoning qirqdan ortiq mamlakatidan ko‘plab firma va kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
– O‘zbekistonning sayyohlik bozori biz uchun g‘oyat istiqbolli. Mamlakatingiz sayyohlik salohiyati izchil yuksalib borayotir, – deydi Birlashgan Arab Amirliklari «Alpha Tours» kompaniyasi boshqaruvchi direktori Adnan Aridi. – O‘zbekistondagi tinch va osuda, farovon hayot sayyohlarning bu yurtga sayohat qilishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirmoqda. Yurtingizda sayyohlikni jadal taraqqiy ettirish uchun barcha omillar mavjud. Biz o‘zbekistonlik hamkasblar bilan o‘zaro foydali hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdormiz.
Bu gal «Turizm va san’atning ipak bog‘lami» shiori ostida o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi sayyohlik sanoatining zamonaviy yo‘nalishlarini qamrab olgan. Unda sayyohlik bozorining barcha tuzilmalari – turoperatorlar, turagentlar, yirik tarmoqli mehmonxona majmualari hamda xususiy otellar, sanatoriylar, kurortlar, avtotransport kompaniyalari, aviatashuvchilar, global buyurtma tizimlari, turbiznes va boshqa sayyohlik xizmatlarining dasturiy ta’minotchilari, muzeylar hamda madaniy hordiq chiqarish va dam olish sanoati korxonalarining xizmatlari, sohaga oid zamonaviy texnologiyalar taklif etilmoqda. Yarmarkada biznes, ekologik, sport va ma’rifiy sayohat, ekskursiya, kruiz, mehmonxona va restoran servisi, sohaga doir ko‘chmas mulk va sug‘urta, sog‘lomlashtirish kabi yo‘nalishlarga oid bo‘limlar ish olib bormoqda.
– O‘zbekistonning izchil taraqqiyoti, xushmanzara va fusunkor tabiati, do‘stona muhit, o‘zbekona mehmondo‘stlik kabi ko‘plab omillar barchaga birdek manzur bo‘lishi shubhasiz, – deydi Singapurning «Apple World» kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Zu Syao Lin. – Yurtingizdagi ko‘p asrlik tarixiy obidalar ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab kelinayotganiga lol qoldim. Kompaniyamiz O‘zbekiston bilan Singapur o‘rtasida sayyohlik almashuvini yo‘lga qo‘yish niyatida. Buning uchun har ikki mamlakatda ham ulkan salohiyat mavjud. Yaqinda Singapur bilan O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani sayyohlik borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilayotir.
Yarmarkadan o‘rin olgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat milliy pavilyoni”da mamlakatimizning barcha hududlaridan o‘nlab sayyohlik firma va kompaniyalari ishtirok etmoqda. Ekspozitsiyadan O‘zbekistonning hududiy ma’muriyatlari va sayyohlik kompaniyalari bilan bir qatorda o‘quv va sog‘lomlashtirish markazlari, teatrlar, muzeylar, sayyohlik agentliklari, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining hududiy bo‘limlari, Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi ham o‘rin olgan.
Xorijning nufuzli xalqaro sayyohlik firmalari, milliy sayyohlik kompaniyalari, mehmonxona va restoranlar kabi ko‘plab tashkilotlar vakillari mamlakatimizning sayyohlik salohiyati va taklif etilayotgan xizmatlar, maftunkor tabiat, tarixiy obidalarimiz va xalqimizning noyob qadriyatlari aks etgan eksponatlar, xalq hunarmandligi buyumlari, fotoekspozitsiyalar, ekoturizm va sport turizmi, aviatransport, mehmonxona, sug‘urta va bank xizmatlari, milliy va hududiy sayyohlik tashkilotlari, sayyohlik operatorlari va agentlari faoliyatiga oid ko‘plab ma’lumot va adabiyotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega. “Turizm sohasida axborot texnologiyalari”, “Mehmonxona va joylashish obyektlari”, “Transport xizmatlari”, “Sug‘urta xizmatlari”, “Gastronomik turizm” bo‘limlari ishlab turibdi. O‘zbekiston sanatoriy va shifoxonalari esa alohida stendda taqdim etilgan.
Milliy pavilyonda yarmarkaga keluvchilar O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati bilan tanishishi mumkin. Yarmarka doirasida tashkil etilgan “Milliy taomlar festivali”, “Sharq bozori” ekspozitsiyalarida ishtirokchilarga o‘zbek milliy taomlari hamda saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil meva va sabzavotlar bilan tanishish, milliy pazandaligimizga oid ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratilgan. “Hunarmandlar shaharchasi” bo‘limida namoyish etilayotgan milliy hunarmandlik namunalari anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Kompaniyamiz Surxondaryoning go‘zal maskanlariga sayohat uyushtirish bilan shug‘ullanadi, – deydi “Surkhantourism” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Zafar Namozov. – Termiz-Denov, Termiz-Boysun va Termiz-Muzrabot yo‘nalishlari bo‘ylab qiziqarli sayohatlar uyushtirilmoqda. Ular orqali mehmonlar purviqor tog‘lar tabiati, Surxondaryoning o‘ziga xos madaniy merosidan bahramand bo‘lmoqda. Sariosiyo tumanidagi Sangardak sharsharasi, Sherobod tumanidagi Zarautsoy g‘ori yo‘nalishlarida ekoturizm rivojlanmoqda. Yil sayin sayyohlik turlarimizni yanada boyitib, juda mazmunli va qiziqarli ekskursiya dasturlarini ishlab chiqyapmiz. Surxondaryoda nafaqat xalqaro turizm, balki ichki turizm ham jadal rivojlanmoqda.
Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi ekspozitsiyasi stendlarining maxsus bo‘limi ta’lim turizmiga bag‘ishlangan. Unda mamlakatimizning ushbu sohada kadrlar tayyorlayotgan oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv muassasalari – Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, poytaxtimizdagi kasb-hunar kollejlari, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining o‘quv markazi taqdim etilgan.
O‘zbekistonlik va xorijlik san’atkorlar tomonidan namoyish etilayotgan konsert dasturlari, o‘zbek milliy liboslari taqdimoti mehmonlarga manzur bo‘lmoqda.
Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi taqdimoti, kompaniya va mehmonxona taqdimoti, eng yaxshi stend, tematik bo‘lim va turistik imkoniyatlar, eng yaxshi servis, eng yaxshi dizayn, ko‘p yillik va sermahsul hamkorlik kabi qator yo‘nalishlarda tanlovlar bo‘lib o‘tadi.
Ushbu yarmarka bu gal ham jahon sayyohlik biznesi vakillariga soha yuzasidan o‘zaro tajriba almashish, dolzarb sayyohlik muammolarini muhokama qilish, yangi loyihalarni namoyish etish imkonini beradi. Tadbir doirasida mamlakatimizga sayyohlarni yanada kengroq jalb qilish borasida xorijiy hamkorlar va mutaxassislar bilan o‘zaro fikr va tajriba almashish, hamkorlikka oid qator bitimlar imzolanishi kutilmoqda.