O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish qonuniylashtirilgan. Oila kodeksining 17-moddasi «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish» deb nomlangan.
Bu qoidani qonunga kiritishdan maqsad, birinchidan, yangi tuzilayotgan oilaning va kelajakda tug‘iladigan farzandlarning sog‘lom bo‘lishini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchidan, nikohga kiruvchilarga tibbiy-irsiy hamda oilani rejalashtirish masalalarida maslahatlar berishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 17-moddasini bajarish yuzasidan hamda sog‘lom oilani shakllantirish, irsiyatga bog‘liq va tug‘ma kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi 365-sonli qarori bilan «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi Nizom tasdiqlangan va 2004 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritilgan.
Nikohlanuvchi shaxslarning fuqaroligidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasi FHDYO organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladigan barcha nikohlarga joriy etiladi, 50 yoshdan katta shaxslarning nikohini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari bundan mustasno, ushbu shaxslar tibbiy ko‘rikdan faqat ularning roziligiga ko‘ra o‘tkaziladi.
Mazkur Nizomga asosan, nikohlanuvchi shaxslar FHDYO organlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yashash joyidagi tibbiy muassasalariga yuboriladi. Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rigi FHDYO organlari tomonidan berilgan yo‘llanma bo‘yicha bepul o‘tkaziladi. Ular beshta yo‘nalish, ya’ni ruhiy, narkologik, tanosil kasalliklari (zaxm), sil, OIV/OITS kasalliklari bo‘yicha tekshirishlardan o‘tadi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati nikohlanuvchi shaxslar tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan kundan boshlab ikki haftadan oshmasligi kerak.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan nikohlanayotgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zlarining vaqtincha yashash joyida tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari shifokor siri hisoblanadi va ikkinchi tarafga birinchi tarafning roziligi bilan bildirilishi mumkin.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin nikoh tuzilishiga to‘siq bo‘lmagan taqdirda, FHDYO organlari tomonidan nikohni qayd etish belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Aksincha, nikohlanuvchi shaxslarda tekshirish natijasida darhol davolashni talab etuvchi kasalliklar aniqlansa, ular belgilangan tartibda tegishli davolanish muassasalariga yo‘naltiriladi.
Agar nikohlanuvchi shaxslardan biridan yoki har ikkalasida ruhiy, narkologik zaxm, sil, OIV/OITS kasalligi aniqlangan taqdirda, nikohni qayd etish tomonlarning ushbu tekshirish natijalaridan xabardorligi tasdiqlangandan keyin amalga oshiriladi.
Agar nikohlanuvchi shaxslardan biri o‘zida tanosil kasalligi yoki odam immuniteti tanqisligi virusi (OITS infeksiyasi) borligini boshqasidan yashirgan bo‘lsa, ikkinchisi nikohni haqiqiy emas deb topishni talab qilib sudga murojaat etishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasiga ko‘ra o‘zida tanosil kasalligi borligini bila turib, bu kasalni boshqa shaxsga yuqtirgan kishi jinoiy jazoga tortiladi.
Ma’naviy va huquqiy tarbiya avvalo oiladan boshlanadi. Oila mustahkam tinch va totuv bo‘lsagina jamiyatda barqarorlik vujudga keladi. Bu esa o‘z navbatida ma’naviy va ruxiy muhitning sog‘lomligini, islohotlar muvaffaqiyati uchun tegishli zamin yaratadi.
Shuning uchun ham mamlakatimizda oilalar mustahkamligiga alohida e’tibor berib kelinadi. Mustahkam oila deganimizda taraflar o‘rtasida har tomonlama uylab, bir-birlarini nasl-nasabidan, sog‘ligidan xabardor bo‘lib tuzilgan nikohlardir, lekin ming afsuski ba’zi yoshlarimiz
bir-birlarini nasl nasablaridan, sog‘liklaridan xabardor bo‘lmay turib, nikohga kirishlari natijasida qurilgan oilalar tezda barbod bo‘lmoqda.
S.Said-Gaziyeva,
Toshkent shahar 3-son Nikoh uyi mudirasi