Termiz davlat universitetida kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tmoqda
FOTOREPORTAJ
Termiz davlat universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha alohida iqtidor talab qiluvchi ta’lim yo‘nalishlariga kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 7–17-iyul kunlari bo‘lib o‘tishi belgilangan. Unda abituriyentlarning nazariy bilimi bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalari, ijodiy fikrlashi va kasbiy salohiyati shaffoflik, adolat va xolislik tamoyillari asosida baholanmoqda.
[gallery-30343]
Imtihonlar Jismoniy madaniyat, Musiqa ta’limi, Tasviriy san’at va Jurnalistika yo‘nalishlarida o‘tkazilmoqda. Jarayonlar uchun ajratilgan binolarda zarur sharoitlar yaratilgan, hududlar kerakli texnik vositalar bilan jihozlangan, sport maydonchasi shay holatga keltirilgan.
Shuningdek, abituriyentlarning ota-onasi va yaqinlari uchun ham qulayliklar yaratilgan. Imtihonlarning shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida kuzatuvlar olib borilmoqda. Respublikadagi turli oliy ta’lim muassasalaridan komissiya a’zolari jalb etilgan.
Imtihonlar jarayonida abituriyentlar salomatligini nazorat qilish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tibbiyot xodimlari, Milliy gvardiya va boshqa huquq-tartibot idoralari vakillari doimiy xizmat olib bormoqda.
Kasbiy imtihonlar to‘liq kameralashtirilgan maydon va auditoriyalarda o‘tkazilmoqda. Jarayonlar ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA