Taxtako‘pir tumanida o‘quv seminar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanida “Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish va tarqalishining oldini olish” mavzusida maxsus-taktik o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi A.Jumanazarov, Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati boshlig‘i D.Kaipov, tuman hokimi J.Adilov va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etib, zararli chigirtkalar tarqalishining oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda zaharlanish holatlarida birinchi yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida chigirtkalar rivojlanishi uchun qulay bo‘lgan uch million gektardan ortiq maydon mavjud. Shundan 95 ming 750 gektarida zararkunandalar tuxum qo‘ygani aniqlanib, doimiy nazoratga olingan. Hozirda joriy yil 16-martdan boshlab barcha hududlarda keng qamrovli kuzatuv ishlari olib borilmoqda.

Joriy mavsumda kimyoviy ishlov berish tadbirlarini may oyidan boshlash rejalashtirilgan. Shu maqsadda to‘qqizta maxsus otryad shakllantirilib, zarur texnika va vositalar to‘liq shay holatga keltirilgan.
Seminar nazariy va amaliy bosqichlarda davom etdi va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.