Raqamli platformalar qanday nazorat qilinadi?
Raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan bugungi kunda onlayn platformalar faoliyatini samarali tartibga solish va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Shu bois, 1-3-iyun kunlari Raqobat qo‘mitasida xalqaro o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda BRIKSning Raqobat huquqi va siyosati xalqaro markazi direktori Aleksey Ivanov boshchiligidagi delegatsiya hamda markaz ekspertlari Darya Kotova va Kirill Entin ishtirok etib, raqamli bozorlarni monopoliyaga qarshi tartibga solish bo‘yicha xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlar haqida ma’ruzalar taqdim qildi.

Seminar davomida raqamli iqtisodiyotda bozor chegaralarini belgilash, monopoliyaga qarshi qonunchilikni transchegaraviy qo‘llash, shuningdek raqamli bozorlardagi qo‘shib olish va qo‘shib yuborish bitimlarini baholash kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Ayniqsa, raqamli platformalar bilan bog‘liq gipotetik holatlar asosida tashkil etilgan keys-seminarlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularda O‘zbekiston sharoitida raqobatni ta’minlashning eng maqbul mexanizmlari muhokama qilinib, xalqaro tajribani milliy amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha fikr almashildi.
N.Rahmonova,
O‘zA