Ichimlik va oqova suv xizmatlarini hisobga olish takomillashmoqda (+video)
Navoiy viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlarini hisobga olish va sotish sohasida inspektorlar tomonidan foydalanilayotgan mobil ilovani takomillashtirish va aholi iste’molchilari uchun tajriba tariqasida o‘rnatilgan suv hisoblagichlarida qarzdorlik vujudga kelganida tarmoqdan avtomat o‘chirish tizimi bilan tanishish yuzasidan “Navoiy viloyat tajribasi”ni o‘rganish maqsadida o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda “O‘zsuvta’minot” AJ tizimidagi barcha aksiyadorlik jamiyatlarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 2-ilovasining 108- va 123- bandlariga muvofiq hamda iste’molchi va suv ta’minoti korxonasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga ko‘ra har oyning 10 sanasiga qadar keyingi oy uchun 100 foiz oldindan haq to‘lashlari ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, joriy oyning 20-25 sanasida suvni hisobga olish asboblari ko‘rsatkichlarini suv ta’minoti korxonasiga taqdim etishlari belgilangan.
[gallery-29799]
– Bugungi kunda barcha sohalarda raqamlashtirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shahboz Sarmanov. – Hozirda Navoiy viloyatida ichimlik suviga aqlli hisoblagichlar o‘rnatilgan. Bugungi seminarda buning qanchalik ta’sirliligini o‘rganib, o‘zaro fikr almashamiz. Iste’molchilarga qanaqa qulayliklar yaratiladi shularni o‘rganib, qolgan viloyatlarda ham tatbiq qilish bo‘yicha kelishib olamiz. Yana bir maqsad, suv ta’minoti korxonasi nazoratchilarining ish samaradorligini oshirish bo‘yicha JPS qurilmalarini o‘rnatib, mobil ilova orqali ishlarni yengillashtirish. Barcha sohada, hisob-kitoblarda, to‘lovlarda, boshqa masalalarda inson omilini kamaytirib, avtomatlashtirilgan raqamlashtirishga o‘tish asosiy maqsad. Natijada iste’molchilar uchun hisob-kitoblar aniq bo‘ladi. Hozirgi mavjud tizimda mexanik suv hisoblagichlarning ko‘rsatkichini iste’molchi har oy kiritib borishi kerak. Bu iste’molchilar uchun ham, suv ta’minoti korxonasi nazoratchilari uchun ham majburiyat. Bu o‘z o‘rnida ba’zi bir noqulayliklarni keltirib chiqaradi: iste’molchi uyda bo‘lmaydi yoki har xil holatlar bo‘ladi. Shularning oldini olish maqsadida yangi tizimda har oy ishlatilgan suv ko‘rsatkichi billing tizimiga avtomat kelib tushadi. Buni mobil ilovalar, shaxsiy kabinet yoki Telegram bot orqali kirib, nazorat qilib borish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Ikkinchidan, nazoratchilarni ham qo‘shimcha nazorat qilishimiz kerak bo‘ladi, ya’ni hududda qancha vaqt davomida ishlanyapti, qaysi iste’molchiga borilyapti? JPS tizimi o‘rnatilgani bizga ancha qulaylik keltirib chiqaradi. Buni yana ham davom ettirib, raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha yangiliklar qilib boramiz.
Albatta, iste’molchilar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasligi yoki to‘lov madaniyatining sustligi korxonaning moliyaviy ahvoliga sezilarli ta’sir qiladi. Kelgusida iste’molchilarning qarzdorligini yanada qisqartirish maqsadida sohani raqamlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bunda debitor qarzdorlikni qisqartirish, korxona tomonidan xizmatlarning sifatli va muntazam ravishda ko‘rsatilishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
“Navoiysuvta’minot” AJ tomonidan tajriba tariqasida Navoiy shahridagi Farovon mahallasi Mahmud Tarobiy ko‘chasi 136-ko‘p qavatli uyning barcha xonadonlariga zamonaviy masofadan ma’lumot uzatuvchi hamda qarzdorlik vujudga kelganida tarmoqdan avtomatik o‘chiruvchi suv hisoblagichlari o‘rnatildi. Ushbu suv hisoblagich uskunalari iste’molchi tomonidan foydalanilgan xizmat hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muntazam ravishda billing dasturiga onlayn tarzida uzatadi. Bu o‘z navbatida inson omilining kamayishiga, korrupsion holatlarning oldini olish, shuningdek, iste’molchilarning ortiqcha ovoragarchiliklarsiz va navbatlarsiz xizmatlardan foydalanishini, shu bilan birga to‘lovlarning avans tariqasida amalga oshirilishini ta’minlaydi.
– Iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida telegram bot, shaxsiy kabinet va undan tashqari barcha elektron to‘lov ilovalari orqali xohlagan joydan turib to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ mutaxassisi Olimjon Sobirov. – Bundan tashqari, iste’molchilar xonadonidagi hisoblagichlarni onlayn tarzda kiritish imkoniyati mavjud. Shuningdek, ularga qulaylik yaratish maqsadida “1255” qisqa raqamli telefonimiz ishlab turibdi. Bu orqali ular o‘zlariga kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni olish, taqdim qilish va ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin. Shaxsiy kabinetda iste’molchilar debitor qarzdorliklari bo‘yicha to‘liq ma’lumotlarni olish, hisoblagich ko‘rsatgichlarini kiritish va kelgusida yuzaga keladigan qarzdorliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratilgan.
O‘quv seminarida inspektorlarning kunlik ish jarayonini nazorat qilish hamda ish samaradorligini oshirish maqsadida joriy qilingan nazorat dasturining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/N8hDSaKhZ3g?si=NwGWalshBUpQVKW2" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari