Tashabbusli byudjet: mablag‘lardan maqsadli foydalanish davr talabi
Shu kunlarda Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Toshkent viloyatida “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida g‘olib deb topilgan loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi holati yuzasidan o‘rganish olib borilgan edi.
Mazkur jarayonlar yakunlari bo‘yicha holatlar Toshkent viloyati Xalq deputatlari viloyat Kengashi bilan birgalikda sayyor qo‘shma majlisida muhokama qilindi. Unda onlayn xalqning ovoziga ko‘ra viloyatda g‘olib deb topilgan loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi holatini o‘rganish natijalari yuzasidan hudud rahbarlari hamda mas’ul vazirlik va idoralarning axborotlari eshitildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida jamoatchilik ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2024-2025-yillarda o‘tkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida Toshkent viloyatida fuqarolar faol ishtirok etib, ular tomonidan 9 mingga yaqin loyihalar ilgari surilgan.
Natijada 2024-yilda 574 milliard so‘mlik hamda 2025-yilda 594 milliard so‘mlik jamoat manfaatlariga xizmat qiluvchi jami 983 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ko‘plab hududlarda bir qator ijtimoiy loyihalar amalga oshirildi, jumladan, ichki yo‘llar, sog‘liqni saqlash muassasalari va umumta’lim maktablari ta’mirlandi hamda jihozlandi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari holati yaxshilandi.

Biroq Bekobod, Yangiyo‘l, Nurafshon va Chirchiq shaharlarida 2025-yilda g‘olib deb topilgan o‘nlab loyihalar doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari hamon davom etmoqda. Tuman (shahar) byudjetlarining qo‘shimcha manbalari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga to‘liq yo‘naltirilmagan holatlar ham aniqlandi. Xususan, Ohangaron shahrida moliyalashtirish darajasi 55 foizni, Bo‘ka va Parkent tumanlarida 65 foizni tashkil etadi.
Majlisda “Ochiq byudjet” axborot portalining uzluksiz ishlashini ta’minlash, mablag‘lardan maqsadli foydalanishni nazorat qilish kabi masalalarga hamda olis va chekka hududlarda ovoz berish tizimidagi kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, Angren, Ohangaron, Chirchiq, Yangiyo‘l va Nurafshon shaharlari, Zangiota, Qibray, Piskent, Chinoz tumanlari “Sariq hudud” deb topilgani tanqid qilindi. Bu kabi holatlarning kelgusida oldini olish yuzasidan mas’ullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.

Majlis so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
A.Musayev, O‘zA