“Tashabbusli byudjet” loyihalari vaqtida amalga oshirilyapti(mi?)
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi vakillari tomonidan Toshkent viloyatida 2024-2025-yillarda o‘tkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlari doirasida g‘olib bo‘lgan loyihalarning amalga oshirilishi holati o‘rganildi.
Dastlabki o‘rganish ishlari Olmaliq shahrida o‘tkazildi. Xususan, “Namuna” MFY hududidagi ichki ko‘chalarni “Tashabbusli byudjet” doirasida 2024-yilning kuzida asfaltlash belgilangan edi. Jumladan, o‘sha payt jami 3 ming 120 metr ichki yo‘llarni, Guliston ko‘chasining 230 metr qismini ta’mirlash rejalashtirilgan.

Ushbu loyiha yuzasidan aholi murojaatlari joyiga chiqib o‘rganilganida aniqlandiki, Guliston ko‘chasining aynan shu qismida yo‘l ta’mirlash ishlari vaqtincha to‘xtatilgan. Belgilangan ishlar mahallaning boshqa ichki ko‘chalarida davom ettirilgan va to‘liq yakunlangan.

Ayni paytda mazkur hududda oqova suv tizimi bilan bog‘liq qurilish ishlari ham tugamagan, shu sababli pudratchi tashkilot tomonidan ushbu hududda asfalt qoplamasini yotqizish ishlari amalga oshirilmagan. Qurilish va ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng belgilangan tartibda ushbu ko‘cha qismiga asfalt qoplamasini yotqizish bo‘yicha tuman mas’ullariga tegishli topshiriqlar berildi.


Shuningdek, hududda olib borilayotgan o‘rganishlar davomida mahalladan oqib o‘tuvchi ariqdan oqova suv oqishi va u hududda badbo‘y hid taratib, aholiga noqulaylik keltirayotgani ma’lum bo‘ldi. Oqova suv tarmog‘idagi nosozlikni bartaraf etish yuzasidan tuman mutasaddilariga tegishli ko‘rsatma berildi. Mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Viloyatda o‘rganish ishlari davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA