“Tashabbusli byudjet”da g‘olib bo‘lolmagan loyihalar deputatlar tomonidan o‘rganilmoqda
“Tashabbusli byudjet” loyihasiga oid yangi tartiblarga ko‘ra, ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okrugidagi g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan eng dolzarb deb bilgan loyihani tanlab, uning moliyalashtirilishida tashabbuskor bo‘ladi.
Shu kunlarda Qonunchilik palatasi deputatlari joylardagi o‘rganishlari davomida ayni masalalarga alohida e’tibor bilan yondashmoqda. Jumladan, deputat Dilnoza Azizova Norin tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi texnikum loyihasini tanladi.

Mazkur muassasa binosi qurilganiga 25 yil bo‘lgan ekan. Ayni paytda bino ancha ta’mirtalab holatda. Loyiha “Tashabbusli byudjet”da yaxshigina ovoz to‘plagan, ammo g‘oliblar qatoriga kirolmagan.
***
Deputatlar Mohira Xo‘jayeva, Jasur Jumayev hamda Chirchiq shahri deputatlari ishtirokida Chirchiq shahar hokimiyatida “Tashabbusli byudjet” loyihasining navbatdagi muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilish jarayonida ovoz yig‘ish bosqichida yetarli natija ko‘rsata olmagan, biroq aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan eng zarur tashabbuslar alohida qayta ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “Mir Alisher” hamda “Mirza G‘olib” MFY larda yangi mahalla binosi, Ahmad Yassaviy ko‘chasida yangi ariq yotqizish zarurati, Chirchiq shahri Arancha hududidagi kutubxonani ta’mirlash hamda uni yoshlar va aholi uchun madaniy-ma’rifiy maskanga aylantirish tashabbusi kabi masalalar obdon o‘rganilmoqda.
***
Deputat Nigora Lutfullayeva Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Bobolonchi” mahallasida 7 ming aholini 20 yildan beri qiynab kelayotgan suv muammosini hal qilishga kirishdi. Ikki marta “Ochiq byudjet”da g‘olib bo‘lolmagan 1 milliard 600 million so‘mlik nasos stansiyasini yangilash loyihasi deputat tomonidan tanlandi.

Xalq vakillari “Tashabbusli byudjet” doirasidagi dolzarb masalalar yuzasidan adolatli qaror qabul qilishi joylardagi turli masala va muammolarni ijobiy hal qilish va aholi uchun qulayliklar yaratilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA