Tarixni xolis o‘rganish – dolzarb masala
Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishining dolzarb masalalari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishining dolzarb masalalari” mavzusida seminar o‘tkazildi.O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi metodik markaz va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamkorlikda tashkil etgan tadbirda tarixchi olimlar, darsliklar mualliflari, uslubchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, pedagoglar qatnashdi.
Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari A.Mavrulov, O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi metodik markaz direktori Z.Saidboboyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida o‘quvchi-yoshlarni ona Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyasiga sadoqat, ibratli an’analarimizga hurmat ruhida voyaga yetkazishga ustuvor masala sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Istiqlol yillarida tarixni ilmiy va xolisona, mukammal o‘rganish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarida tarix fani uchun 160 o‘quv soati ajratilgan. Dars bilan birga muzeylar va tarixiy obyektlarda o‘tkaziluvchi amaliy mashg‘ulotlar o‘quvchilarning bilim va tafakkurini yanada boyitishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi maskanlarida dars jadvalidan o‘rin olgan «Prezident asarlari» maxsus o‘quv kursi, «Ma’naviyat asoslari», «Shaxs va jamiyat», «Milliy istiqlol g‘oyasi» o‘quv fanlari yoshlarga tariximizga haqqoniy munosabatda bo‘lish, mustaqillikka qanday mashaqqatlar bilan erishilgani, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni va ahamiyati xususida keng ma’lumot berish imkonini yaratmoqda.
Tadbirda O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘qitishda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik, tashqi siyosat va xavfsizlik masalalarining yoritilishi, kollej va litseylarda eng yangi tarixni o‘qitish metodikasiga oid ma’ruzalar o‘qildi.
Tadbir doirasida «O‘zbekiston tarixi. Mustaqillik davri» multimedia o‘quv qo‘llanmasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.