Navoiy davlat pedagogika institutida “Ta’limda zamonaviy raqamli texnologiyalar: muammo va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Respublikamizning yetakchi oliy o‘quv yurtlari olimlari, shuningdek, ZOOM platformasi orqali Malayziya, Rossiya, Belarus, Polsha kabi davlatlarning yetakchi olimlari ishtirok etgan anjumanda ta’limni raqamlashtirishning global masalalarini ijobiy hal etishning nazariy jihatlari haqida so‘z yuritildi. Jumladan, “Virtual laboratoriya ishlarini yaratish usullari”, “Raqamlashtirish sharoitida talabalarning kasbiy tayyorgarligini oshirishda dasturlash tillarining roli”, “O‘quv jarayonini tashkil etishda raqamli texnologiyalardan foydalanish metodologiyasi”, “Pedagogik dasturiy vositalarning amaliy samaradorligi”, “Ta’limda mobil texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari” kabi qator mavzularda mutaxassislarning fikrlari, mulohazalari eshitildi.

– Yurtimizni rivojlantirishda ta’lim jarayoniga xalqaro tajribalarni olib kirish, to‘liq raqamlashtirishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz, – deydi institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi O‘ralboy Mirsanov. – Alohida qayd etish kerakki, bugungi anjuman soha mutaxassislari, olimlar uchun tizimdagi dolzarb muammolarni hal etish borasida katta formatdagi bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2020 yilda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi. Ushbu strategiya doirasida elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida IT-parklarni tashkil etish, shuningdek, ushbu sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash kabi keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Uzluksiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida yangi raqamli texnologiyalar kasbiy faoliyatga tayyorlashda ijodiy yondashuv, ularning mustaqil va amaliy ishlarida asosiy harakatlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Bugungi kunda raqamli texnologiyalar barcha sohalarga, jumladan, ta’lim jarayoniga tatbiq etilmoqda, – deydi Andijon davlat universiteti o‘qituvchisi Abdurahmon No‘’monjonov. – Ta’lim tizimining raqamlashtirilishi esa bu sohaning rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berdi. Raqamlashtirish jarayoni o‘quvchilar va o‘qituvchilarning o‘zaro hamkorligini interaktiv hamda samarali qilish bilan birga, ta’lim sifatini oshirish, ta’lim jarayonini yanada individuallashtirish imkonini beradi. Ta’limni raqamlashtirish katta afzalliklarni, jumladan, o‘quv tajribasini yaxshilash, qulaylikni oshirish va shaxsga yo‘naltirilgan ta’limni taklif qiladi. Elektron ta’lim platformalari, sun’iy intellekt va VR kabi texnologiyalar moslashuvchan hamda interaktiv ta’lim muhitini ta’minlash orqali an’anaviy o‘qitish usullarini tubdan o‘zgartirish imkoniyatini yaratadi. Biroq ushbu innovatsiyalardan adolatli foydalanishni ta’minlash uchun raqamli tafovut va maxfiylik muammolari hal qilinishi kerak.
Konferensiya davomida ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, ta’lim mazmunini boyitib borish, shuningdek, pedagoglarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan turli muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri