Ta’limdan taraqqiyotgacha: “El-yurt umidi” jamg‘armasining strategik roli
Bugungi kunda har bir davlatning barqaror rivoji, avvalo, uning inson kapitali salohiyatiga bog‘liq. Shu ma’noda O‘zbekistonda ta’lim sohasining tubdan yangilanayotgani bejiz emas. Ta’lim endilikda faqat bilim berish tizimi emas, balki jamiyat taraqqiyotini belgilovchi strategik vosita sifatida qaralmoqda.
Davlat siyosati darajasida ushbu yo‘nalishga ustuvor ahamiyat berilishi, professional va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashni asosiy vazifalardan biriga aylantirdi. Ana shu jarayonda “El-yurt umidi” jamg‘armasi inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilayotgan muhim institut sifatida ajralib turadi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-maydagi farmoni asosida “El-yurt umidi” jamg‘armasining qayta tashkil etilishi ushbu yo‘nalishda yangi bosqichni boshlab berdi. Jamg‘arma faoliyati endilikda oddiy stipendiya dasturidan kengroq ma’no kasb etib, strategik kadrlar tayyorlash tizimiga aylandi.
Jamg‘armaning asosiy maqsadi, dunyoning yetakchi ta’lim va ilmiy markazlarida tahsil olgan mutaxassislar orqali mamlakat ichki salohiyatini mustahkamlash. Bu yondashuv boshqa ta’lim tizimlaridan farqli ravishda, xalqaro bilim va ko‘nikmalarni egallash va buni milliy taraqqiyotga yo‘naltirishga qaratilgan.
Shu bois, jamg‘arma faoliyatida STEM, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, ijtimoiy sohalar va davlat boshqaruvi kabi ustuvor yo‘nalishlar aniq belgilangan.
Muhim jihatlardan yana biri, tanlov jarayonlarining shaffofligi va ochiqligidir. My.gov.uz platformasi orqali ariza topshirish tizimining joriy etilishi korrupsion xavflarni sezilarli darajada qisqartirdi.
[gallery-28690]
Tanlov komissiyasiga nodavlat sektor vakillarining jalb etilishi esa baholashning xolisligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 2025-yilda 15 mingdan ortiq nomzod orasidan 237 nafar stipendiatning saralab olinishi yuqori raqobat muhitini ko‘rsatadi.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishi ham jamg‘arma faoliyatining muhim tarkibiy qismidir. “Fulbright”, “Chevening”, “British Council”, “Türkiye Bursları” kabi nufuzli dasturlar bilan hamkorlik, shuningdek, Oksford universiteti, Sukuba universiteti va boshqa yetakchi ta’lim muassasalari bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani global integratsiyaning amaliy natijasidir. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim markaziga aylantirish strategiyasiga xizmat qiladi.
Shuningdek, jamg‘arma faoliyati faqat ta’lim bilan cheklanib qolmay, bitiruvchilarni milliy iqtisodiyotga integratsiya qilishni ham o‘z ichiga oladi.
Yagona raqamli baza orqali stipendiatlarning rivojlanish yo‘li monitoring qilinishi, ularni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish tizimining yaratilgani kadrlar siyosatining tizimli yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekistonda ta’lim va kadrlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqayotgan muhim strategik institutdir. U nafaqat iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydi, balki mamlakatning uzoq muddatli rivoji uchun zarur bo‘lgan professional kadrlar zaxirasini shakllantiradi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida bu kabi tashabbuslarning ahamiyati yanada ortadi. Zero, zamonaviy dunyoda raqobat faqat resurslar emas, balki bilim va salohiyat ustiga qurilmoqda.
Shu bois, “El-yurt umidi” jamg‘armasi mamlakat kelajagini bunyod etuvchi bilimli va yetuk avlodni tarbiyalashda muhim tayanch bo‘lib qoladi.
Dildora DO‘SMATOVA, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA