“El-yurt umidi” jamg‘armasi xalqaro hamkorlikni kengaytirdi
O‘tgan yil davomida “El-yurt umidi” jamg‘armasi o‘zining xalqaro miqyosdagi ishtirokini izchil kengaytirib, hamkorlik tarmog‘ini mustahkamladi.
AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya, Qatar, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlarga 9 ta xizmat safari uyushtirildi. Jamg‘arma vakillari 6 ta muhim xalqaro anjumanda ishtirok etib, ularda O‘zbekistonning inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi.
15 ta yetakchi xorijiy va milliy ilmiy-ta’lim muassasasi bilan hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi. Bu kelishuvlar amaliy natijalar bermoqda: stipendiatlar uchun ta’lim to‘lovlariga 50 foizgacha chegirmalar ta’minlandi hamda davlat xizmatchilari uchun maqsadli stajirovkalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Xitoy va Yaponiyaning jahon reytinglarida Top-100 talikka kiruvchi universitetlari bilan bevosita hamkorlik aloqalarini o‘rnatish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu ilg‘or bilim va texnologiyalarga ega bo‘lishning barqaror yo‘laklarini shakllantiradi.
Yil davomida xalqaro hamkorlar bilan oflayn va onlayn shakllarda 200 taga yaqin uchrashuv o‘tkazildi.
Shu bilan birga, “El-yurt umidi” jamg‘armasi mamlakat ichidagi faoliyatini ham kuchaytirdi. Bu davrda 80 tadan ortiq tadbir, ochiq muloqot, jumladan, eng olis tumanlarga safarlar tashkil etildi.
Tadbirlar bilan jami 140 mingdan ortiq kishi qamrab olindi. Bular maktab o‘quvchilari, talabalar, kasb-hunar ta’limi tizimi vakillari, davlat xizmatchilari va mahalla aholisi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA