Ta’lim shaxmat bilan
Samarqandda o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning “Ta’limda shaxmat” xalqaro sammiti o‘tkazildi.
2026-yil – “Ta’limda shaxmat yili”ga bag‘ishlangan xalqaro forumda Xalqaro shaxmat federatsiyasi va milliy shaxmat federatsiyalari mas’ullari, ta’lim sohasi va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Sammit avvalida FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi, besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anand Hindiston ta’lim tizimida shaxmatni joriy etish tajribasini taqdim etib, mazkur sport turi bolalarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashi, diqqatni jamlash va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini rivojlantirishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili Farhod Boqiyev mamlakatimizda maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida shaxmatni rivojlantirish, uni ta’lim jarayoniga keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
– Shaxmat shunchaki sport turi emas, bu bolani mustaqil fikrlashga, har bir qaror mohiyatini anglashga va aqliy qobiliyatni o‘stirishga o‘rgatadigan mashg‘ulotdir, – dedi F.Boqiyev. – Shu bois mamlakatimiz ta’lim muassasalarida bolalarning shaxmat bilan shug‘ullanishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Umumta’lim maktablarida jismoniy tarbiya va madaniyat fanining 21 soat dars mashg‘uloti shaxmatga bag‘ishlangan. Yurtimizdagi maktablarda 7 mingdan ortiq shaxmat to‘garaklari tashkil etilgan va ularda 144 ming o‘quvchi qamrab olingan. 1150 ta maktabda esa shaxmatga ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etilgan. Bolalarni yoshligidan shaxmatga o‘rgatish maqsadida 2024-yildan buyon maktabgacha ta’lim tizimida 5-7 yoshli tarbiyalanuvchilar ishtirokida shaxmat festivallari o‘tkaziladi.
Sammitda FIDE xalqaro shaxmat maktablari federatsiyasi rahbari Timur Turlov Qozog‘iston tajribasi haqida ma’lumot berib, shaxmat ta’limi dasturlarini keng miqyosda joriy etish va ularni ommalashtirish haqida so‘z yuritdi. FIDE boshqaruvi kengashi a’zosi Dana Reizniyetse Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan ushbu yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash, jumladan, o‘qituvchilarni tayyorlash, metodik materiallar ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda milliy dasturlarni rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi ishlarga e’tibor qaratdi.
[gallery-31602]
Tadbirda, shuningdek, xalqaro ilg‘or tajribalar haqida so‘z yuritildi. Xususan, Seyshel orollari, Barbados va Kosta-Rika vakillari ta’limda shaxmatni rivojlantirishda davlatning roli, samarali hamkorlik mexanizmlari va sheriklik aloqalarining ahamiyati haqida fikr almashdi.
Tadbir doirasida ta’limda shaxmatni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan eng yaxshi loyihalar va tashkilotlar FIDEning “Ta’limda shaxmat yili” maxsus mukofotlari bilan taqdirlandi.
Sammit davomida shaxmatni alohida loyihalar doirasida rivojlantirishdan uni ta’lim tizimiga tizimli ravishda integratsiya qilishga o‘tish zarurligi alohida ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari