20-iyul – Xalqaro shaxmat kuni
Shaxmat xalqimiz orasida qadriyat darajasidagi ardoqli o‘yin sport turi hisoblanadi. Mamlakatimizdagi deyarli barcha mahallada, qishloq va aholi manzillarida “aql gimnastikasi"ga qiziqadiganlar, xalqaro maydonda kechayotgan shaxmat musobaqalarining natijalarini kuzatib boradigan, tahlil qiladigan ishqibozlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
So‘nggi yillar davomida O‘zbekiston shaxmatida misli ko‘rilmagan yuksalishlarga erishildi. Yurtimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan turli darajadagi ommaviy musobaqalar, mashg‘ulotlar natijasida iqtidorli shaxmatchilar soni ortdi. Xalqaro maydondagi ko‘rsatkichlarimiz yanada yaxshilandi.
Davlatimiz rahbarining alohida e’tibori, qabul qilingan o‘nlab qaror va farmoyishlar, ishlab chiqilgan dasturlar natijasida mamlakatimizda shaxmat ustuvor sport turlari maqomiga ko‘tarildi. Chempionlar, grossmeysterlik talabini bajargan, nomzodlik ostonasida turgan yosh talantlar safi to‘rt-besh hissa ortdi.

Vatanimiz yoshlarining intellektual salohiyati, fikrlash qobiliyati yuksakligini dunyoga namoyish etgan Javohir Sindorov o‘tgan yili Jahon kubogini qo‘lga kiritishi asnosida joriy yilgi Nomzodlar turnirida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Uning jahon shaxmat toji uchun amaldagi chempion hindistonlik Dommaradju Gukeshga qarshi dona surish huquqini qo‘lga kiritgani nafaqat shaxmat olamining, balki jahon tafakkur dunyosining baland minbarlarida e’tirof etildi.
Birinchi raqamli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov 2022-yili Chennayda o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida terma jamoa sardori sifatida O‘zbekistonning oltin medallarga ega chiqishiga beqiyos hissa qo‘shdi.
Abdusattorovning joriy yilning o‘zida ketma-ket ikkita nufuzli musobaqa sanalgan “Tata Steel Masters” va “Prague Masters” turnirlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani, shuningdek, o‘nlab yoshlarimizning qit’a va jahon chempionatlarida, xalqaro musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgani o‘zbekistonlik shaxmatchilar bugungi sanani munosib qarshilayotganidan dalolat.
Joriy yilning 15–28-sentabr kunlari 200 ga yaqin terma jamoalar ishtirokida Samarqandda o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi O‘zbekiston shaxmatning xalqaro rivojiga beqiyos hissa qo‘shayotganining amaliy ifodasidir. Shuningdek, bu shaxmat sport turining xalqaro rivoji Yangi O‘zbekistonda yangi bosqichga ko‘tarilishiga mustahkam zamin tayyorlanayotganidan dalolat .
T.Ro‘ziyev, O‘zA