Talabalar kasaba uyushmalari faoliyati bilan tanishdi
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi tomonidan “Kasaba uyushmalarining, xodimlar va boshqa vakillik organlarining mehnatni muhofaza qilishni ta’minlashdagi ishtiroki” mavzusida o‘quv- amaliy seminar o‘tkazildi.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining hayot faoliyati xavfsizligi yo‘nalishi talabalari, federatsiyaning viloyat kengashi xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari erkin va keng ko‘lamli faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilganligi, so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilganligi, xodimlarning mehnat huquqlari samarali himoya qilinayotganligi haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tadbirda kasaba uyushmalari tomonidan mehnatni muhofoza qilish, mehnatkashlarga xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va bu borada jamoatchilik nazoratini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
– Faoliyatimiz davomida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqdamiz, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Navoiy viloyat kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilafro‘z O‘razova. – Bu, ayniqsa, yosh avlodni kasaba uyushmalari tizimlariga keng jalb qilish, ijtimoiy-siyosiy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bugungi seminar ham ayni shu maqsadda tashkil etilganligi bilan ahamiyatlidir.
[gallery-17928]
Seminarda ta’kidlanganidek, yurtimizda mehnat muhofazasini tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari yaratilgan. Ushbu hujjatlarga amal qilishda ijtimoiy sherikchilikning ahamiyati esa yildan-yilga oshib bormoqda.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kasb kasalliklarining oldini olish va kasallikka chalingan shaxslarga nogironlik guruhini belgilash asoslari, mehnat layoqati yo‘qotilish darajasini aniqlash bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.
– Bugungi tadbirda kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari aholi bandligini ta’minlash, ishdan ozod etilayotgan xodimlarni himoya qilish, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish huquqiga ega ekanligini bilib oldik, – deydi universitet talabasi Shahzodbek Ergashev. – Shuningdek, tadbirda ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlar, tomonlarning majburiyat va burchlari haqida ham batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bu esa oliygohni bitirib, ishga joylashganimizda, albatta, foydasi tegadi.
Tadbir so‘nggida yoshlar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari