Tadbirkorlikka noqonuniy aralashuv uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, davlat organlari tomonidan asossiz tekshiruvlar va noqonuniy aralashuvlarning oldini olish maqsadida yangi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
«Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va ushbu harakatlar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash va biznes vakillarining huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan.
Loyihaga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish, noqonuniy tekshiruv tashabbusi bilan chiqish yoki bunday tekshiruvlarni o‘tkazish uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Xususan, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashgan yoki qonunga xilof ravishda tekshiruv o‘tkazgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llash taklif etilmoqda. Tekshiruv va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzganlik uchun esa BHMning 10 baravari miqdorida jarima belgilanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ushbu huquqbuzarliklar takroran sodir etilgan taqdirda jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bunday holatlarda aybdor shaxslar BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Loyihaning yana bir muhim jihati — huquqbuzarliklarni qayd etish va ular bo‘yicha javobgarlik choralarini qo‘llash jarayonlarini raqamlashtirish. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan holatlar asos sifatida qabul qilinadi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, davlat organlari tomonidan asossiz aralashuvlarni qisqartirish hamda mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA