“Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi davom etmoqda.
–E’tiborli tomoni, barcha a’zolarimizning kengashdagi faolligi tobora oshmoqda. Bu mazkur investitsiya platformasiga bo‘lgan yuksak ishonchning yaqqol dalilidir.
Sizlar bilan o‘tgan yili ham uchrashib, ko‘p masalalarni muhokama qilgan edik. Avvalgi majlisda ilgari surilgan 21 ta tashabbus bo‘yicha aniq yechimlar qabul qilindi.
Shuni alohida ta’kidlamoqchiman: investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi, – dedi Prezidentimiz.
Jumladan, Soliq kodeksiga investorlar uchun qulay o‘zgartirishlar kiritildi, kompaniyalar o‘rtasidagi ichki qarz bitimlari moliya nazoratidan chiqarildi, asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi, xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy shirkatlar uchun ko‘plab majburiy talablar bekor qilindi.
Bundan tashqari, “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mas’uliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish hamda 16 ta texnik reglamentni xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirish dasturi tayyorlandi.
Shu bilan birga, xorijiy investorlarga teng va adolatli sharoit yaratish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni zimmaga olishda yangi qadamlar tashlandi.
O‘zA