Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi
Davlatimiz rahbari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Bassoga O‘zbekistondagi islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelayotgani va kengash faoliyatiga samarali raislik qilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Anjumanda qatnashayotgan barcha xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar rahbarlariga samimiy ehtiromini izhor etdi.
So‘nggi yillarda kengash oddiy maslahat mexanizmidan amaliy islohotlar maydoniga, Yangi O‘zbekiston bilan jahon investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylangani ta’kidlandi.
Bugun kengash mustaqil assotsiatsiya maqomiga ega bo‘lib, tom ma’noda kuchli institut darajasiga ko‘tarildi.
O‘tgan bir yil davomida kengash ishtirokchilari soni 54 ta kompaniyadan 85 taga yetdi. Ular iqtisodiyotimizning 23 ta tarmog‘ini qamrab olib, ishchi guruhlar faoliyatida bevosita ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi kengashning Ijroiya qo‘mitasi tarkibida faoliyat yuritmoqda.
O‘zA