Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Duoba mahallasida yana bir zamonaviy inshoot – maishiy gaz ballonlarni saqlash va tarqatish servis markazi ish boshladi.
Shu kunlarda viloyat markazidan 220 -230 chaqirim olisdagi tog‘li mahallada ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgartirilmoqda. Aholining hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoit yaratilyapti. Keng, ravon yo‘llar qurilib, ta’lim va tibbiyot muassasalari barpo etilmoqda. Mavjudlari qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy usulda jihozlanayotir. Elektr ta’minotini yaxshilash uchun yuqori kuchlanishli transformatorlar o‘rnatilmoqda. Eskirgan simyog‘ochlar yangisiga almashtirilyapti. Soddadil, samimiy odamlari obod va farovon qishloqlarda yashashni asrlar davomida orzu qilib kelgan mahalla tuman markazidan 35 chaqirim olisda joylashgan.
Gazchilar qishin-yozin nafaqat Duoba mahallasi, balki Xujoydod, O‘rmonchi va Dehibolo qishloqlari aholisini ham suyultirilgan gaz bilan ta’minlaydi. Duobada qurilgan maishiy gaz ballonlarni saqlash va tarqatish servis markazi endilikda shu hududdagi 1 ming 218 xonadonda istiqomat qilayotgan olti mingdan ortiq aholiga qishning sovuq kunlari ham suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib beradi. Mazkur inshootning qurilishi “Boysuntumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari uchun ham, tog‘li qishloqlardagi aholi uchun ham bir qator qulaylik yaratmoqda.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" mezonlari asosida yangilanayotgan mahalladagi iste’molchilarga yilning o‘tgan davrida o‘n tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Yangi tashkil etilgan oilalarga 15 dona gaz ballon tarqatildi. Duobada qad rostlagan yangi markaz bir kunda besh yuz donagacha maishiy gaz ballonni saqlab, tarqatish quvvatiga ega.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri