Parrandaçilik: yangi texnologiyalar, investitsiyalar va xalqaro hamkorlik istiqbollari
Bugun Toşkent şahridagi «Özekspomarkaz» milliy körgazmalar majmuasida Özbekiston parrandaçilarining IX xalqaro forumi bölib ötdi.
«Parrandasanoat» uyuşmasi tomonidan taşkil etilgan tadbirda davlat idoralari vakillari, xalqaro ekspertlar, mahalliy va xorijiy kompaniyalar, investorlar hamda soha tadbirkorlari iştirok etdi.
Forumda parrandaçilik sanoatini rivojlantiriş, işlab çiqarişga zamonaviy texnologiyalarni joriy etiş, investitsiyalarni jalb qiliş va eksport salohiyatini oşiriş masalalari muhokama qilindi. Şuningdek, naslçilik, genetika, inkubatsiya, veterinariya, biologik xavfsizlik va işlab çiqarişni avtomatlaştiriş kabi yönalişlarga eʼtibor qaratildi.
2019-yildan buyon ötkazib kelinayotgan xalqaro forum bugungi kunda sohada tajriba almaşiş va yangi hamkorlik aloqalarini yölga qöyişning muhim maydoniga aylangan. Unda xorijiy kompaniyalar iştirokining yil sayin ortib borayotgani ham tadbirning xalqaro ahamiyati kengayib borayotganidan dalolat beradi.
[gallery-32718]
Tadbir doirasida «Parrandasanoat» uyuşmasining yangi medialoyihasi — «POULTRY UZBEKISTAN» ixtisoslaşgan sohaviy jurnali ham taqdim etildi. Naşrda parrandaçilik sohasidagi ilmiy yangiliklar, ilğor texnologiyalar, xalqaro tajriba va ekspertlar tahliliy materiallarini yoritiş rejalaştirilgan.
Şuningdek, forum dasturidan soha rivojiga hissa qöşayotgan korxonalarni taqdirlaş va noyob hamda dekorativ parrandalar körgazmasi ham örin oldi.
Taʼkidlaş joizki, forum mahalliy işlab çiqaruvçilarning xalqaro hamkorlar bilan aloqalarini mustahkamlaş, yangi investitsiyaviy loyihalarni şakllantiriş va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlaşga xizmat qiladigan muhim muloqot maydoni böldi.
Hamroz Bayonov,
Oybek Pardayev (surat),
ÖzA