Sohil futboli terma jamoasining yig‘ini yakunlandi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi Terma jamoalar markazida sohil futboli bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini muvaffaqiyatli yakunlandi.
24-iyun kuni boshlangan yig‘in davomida milliy terma jamoa a’zolari murabbiylar shtabi rahbarligida jismoniy, texnik va taktik tayyorgarliklarini yanada takomillashtirish ustida tizimli ish olib bordi. Mashg‘ulotlar har kuni ikki mahal tashkil etilib, futbolchilarning funksional imkoniyatlarini oshirish, jamoaviy harakatlarni uyg‘unlashtirish hamda turli o‘yin vaziyatlaridagi taktik yechimlarni amalda sinovdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-30159]
Yig‘in milliy terma jamoaning bo‘lajak xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishida muhim bosqich bo‘ldi. Shu bilan birga, murabbiylar shtabi futbolchilarning joriy sport formasi, jismoniy holati va taktik topshiriqlarni bajarish darajasini atroflicha baholash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tayyorgarlik yig‘ini davomida to‘plangan tajriba va olingan natijalar jamoaning keyingi yig‘inlari hamda xalqaro maydondagi ishtirokida muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA