Sohil futboli: O‘zbekiston qaysi jamoalar bilan bitta guruhdan joy oldi?
Bugun, 10-sentabr kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida sohil futboli bo‘yicha Osiyo kubogi musobaqalariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, Tailandda tashkil etiladigan qit’a kubogining "A" guruhidan mezbon Tailand musobaqaning uch karra g‘olibi Yaponiya, 2006-yilgi chempion Bahrayn hamda Iroq jamoalari joy egalladi.
"B" guruhidan esa Osiyo kubogi musobaqasining beshinchi sovriniga ega chiqish orzusidagi Eron jamoasi Livan, Vetnam hamda Afg‘oniston bilan bahs olib boradigan bo‘ldi.

O‘zbekiston jamoasi esa "C" guruhida O‘mmon, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni bilan to‘qnash keladi.
Guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi ikkita jamoa chorak final yo‘llanmasiga ega chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, sohil futboli bo‘yicha 12 ta jamoa ishtirokidagi XII Osiyo chempionati shu yilning 18–28-noyabr kunlari Tailandda o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA