G‘afur G‘ulom uy-muzeyida zabardast ijodkorning qaytadan nashr etilgan “Shum bola” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyida chop etilgan ushbu kitob taqdimotiga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.
Taqdimot tadbirida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulom asarlari qamrovining kengligi, teran mazmunga boyligi, xalq ijodiyotiga tayangani bilan diqqatga sazovordir. Ijodkorning “Shum bola” asarida bu jihatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Agar bu asarni kichik yoshdagi kitobxon kulgi va zavq bilan mutolaa qilsa, katta yoshdagi adabiyot muxlislari kulgi ortidagi iztiroblar, alamli ko‘z yoshlar, mungli bolalikdan qalbi o‘rtanib ketishi aniq.
Shu sababli ham mazkur asar yaqindagina jahonning eng yaxshi bolalar adabiyoti yuztalik reytingidan munosib o‘rin egalladi.
[gallery-14767]
– “Shum bola” asarining bu galgi nashri juda yuksak matbaa talablari asosida, chiroyli rasmlar bilan chop etilgani e’tiborga molikdir, – dedi adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov. – Darhaqiqat, bu asar jahon bolalar adabiyotining 100 ta eng yaxshi namunasi safidan o‘rin oldi. U o‘zining mukammalligi, yuksak badiiy saviyasi bilan ajralib turadi. Bu kitob nainki bolalar, balki kattalar uchun ham qadrlidir. Sababi G‘afur G‘ulomning tagdor, mazmunli so‘zlaridan kattalar ham zavq oladilar. Ayrim kitoblar ba’zi-ba’zida nashr etilib ham o‘z o‘quvchisini topmaydi. Lekin “Shum bola” har qancha nashr etilsa ham doim o‘quvchisi topiladigan asardir.
– “Shum bola” – xalqimizning ruhiyatiga juda singib ketgan asar, – dedi G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi bosh muharriri Habib Abdiyev. – O‘z fikrini ifodalamoqchi bo‘lgan inson borki, ko‘pincha shu asarda ishlatilgan jumlalarni, albatta, qo‘llaydi. Asar yana shunisi bilan qadrliki, unda ma’rifatparvar bobolarimizning g‘oyalari ufurib turadi. Mustamlakachilarning mahalliy hunarmandlar ishini o‘ldirishi, yoshlarning ishsizlikdan ko‘chada qolib ketishi, muammolar ro‘parasida yolg‘iz qolgan ayolning farzand tarbiyasidagi qiyinchiliklari katta mahorat bilan tasvirlangan. Asarning tag-zamirida mustamlakachilarning zulmi, davrning og‘ir, shafqatsiz fojiasi aks ettirilgan.
– Dadamlarning kitoblari qayta nashr etilganidan juda xursandman, — dedi O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulomning qizi Olmosxon Ahmedova. – Bu asarda hayotiy xotiralar, ota-onamdan eshitganlarim, ko‘rganlarim jamlangan. Shu muzeyda ishlab, undagi ekspozitsiyalarni tashkil etib ham dadamlarning oldilaridagi farzandlik burchimni o‘tadim, deb ayta olmayman. “Shum bola” asari jahonning bolalar uchun mo‘ljallangan eng yaxshi 100 ta asarlaridan biri, deb e’tirof etildi. Bu kitob O‘zbekistonning faxri bo‘ldi. Dadamlarning shu asarlari chop etilganidan behad mamnunman.
Darhaqiqat, adabiyotimiz darg‘asi, ustoz G‘afur G‘ulomning “Shum bola” asari o‘z davrining chuqur siyosiy-ijtimoiy muammolarini bola tilida g‘oyat hayotiy va ta’sirchan ochib bergani, unda XIX asr oxiri va XX asr avvaliga oid tarixiy muhit juda ta’sirchan, hayotiy, xalqona tarzda, yuksak mahorat bilan tasvirlab berilgani bois biz kitobxonlar uchun doim qadrlidir. Ehtimolki, “Shum bola”ga kinochilar, ham teatr ijodkorlari murojaat etganining sababi ham shunda bo‘lsa ajab emas.
Taqdimot tadbirida G‘afur G‘ulom ijodi, xususan, uning “Shum bola” asarining badiiy qiymati haqida batafsil so‘z yuritildi. Anjuman ishtirokchilariga kitoblar tuhfa etildi.
Nazokat Usmonova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA