Yangi maktabgacha ta’lim muassasasi ish boshladi
Qurbon hayiti arafasida Sirdaryo viloyatining Xovos tumani ahli uchun yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Tumanning Qayirma mahallasida zamonaviy talablar asosida barpo etilgan 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, ob’ekt qurilishi ikki yil avval boshlangan bo‘lib, dastlabki bosqichda 2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Biroq ma’lum sabablarga ko‘ra qurilish ishlari to‘liq yakunlanmay qolgan edi. Keyinchalik viloyat hokimining e’tibori va tuman hokimligi tashabbusi bilan qurilishni nihoyasiga yetkazish, bolajonlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha 785 million so‘m ajratildi. Natijada “Kaarat” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan ob’ekt to‘liq bitkazilib, zamonaviy ko‘rinishga ega ta’lim maskani barpo etildi.


Tantanali ochilish marosimida tuman hokimi o‘rinbosari Aziz Rasulov, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, mahalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, bolalarni barkamol va intellektual salohiyatli insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini alohida ta’kidladilar.
Aytilganidek, maktabgacha ta’lim inson kamolotining dastlabki va eng muhim bosqichi hisoblanadi. Shu bois bugun sohada zamonaviy infratuzilma yaratish, muassasalarni yuqori malakali kadrlar, ilg‘or o‘quv jihozlari va zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.


– Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarning har tomonlama kamol topishi uchun barcha zarur sharoitlar muhayyo etilgan. Muassasada yorug‘ va keng guruh xonalari, sanitariya-gigiyena xonalari, tibbiyot xonasi, musiqa zali, zamonaviy oshxona va umumiy ovqatlanish zali bunyod etilgan. Shuningdek, bolalarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun o‘yin maydonchalari va yozgi ayvonchalar barpo etildi, – deydi muassasa rahbari Hulkar Abdurahmonova.
Muassasa bolalar yoshiga mos o‘yinlar va o‘yinchoqlar, ko‘rgazmali qurollar, didaktik materiallar, zamonaviy mebel jihozlari, maishiy texnika hamda oshxona anjomlari bilan to‘liq ta’minlangani uning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.


120 nafar bolani qamrab olish quvvatiga ega mazkur ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilarga davlat ta’lim dasturlari asosida malakali pedagoglar tomonidan ta’lim-tarbiya beriladi. Bu yerda bolalarning jismoniy, aqliy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ayniqsa, sport, musiqa, til o‘rganish va tasviriy san’at to‘garaklarining tashkil etilgani bolalarning qiziqishi va iste’dodini erta aniqlash hamda rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa kelajakda iqtidorli va bilimli avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri