Shaxmat: Karuanani mag‘lub etgan Sindorov 5-turda Nakamura bilan kuch sinashadi
Kiprda davom etayotgan Nomzodlar turnirining 4-turida mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorovning AQSH vakili Fabiano Karuanani mag‘lub etgani o‘ziga xos shov-shuvli voqea bo‘ldi.
Mazkur muvaffaqiyatdan keyin Javohir 4 imkoniyatdan 3,5 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining yakka peshqadamiga aylandi.

Ortda qolgan 4-turda niderlandiyalik Anish Giri qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan rossiyalik Andrey Yesipenkoni dog‘da qoldirgan bo‘lsa, Vey I(Xitoy) – Hikaru Nakamura (AQSH), Mattias Blyubaum (Germaniya) – Praggnanandxa (Hindiston) qarama-qarshiligidagi bahslarda murosa yo‘li tanlandi.
Bugun, 2-aprel kuni turnir nizomiga muvofiq dam olish kuni sifatida belgilangan. Ertaga o‘tkaziladigan 5-tur musobaqasida Javohir Sindorov qora donalarda amerikalik Hikaru Nakamura bilan kuch sinashadi.

Nomzodlar turnirining ayollar musobaqasida qozog‘istonlik Bibisora Asaubayeva va ukrainalik Anna Muzichuk 2,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.
4-turda Bibisora oq donalarda xitoylik Tan Chjongi bilan durangga erishdi. Muzichuk esa rossiyalik Katerina Lagnoni mag‘lub etdi. Turnirning 5-turida Bibisora Asaubayeva rossiyalik Katerina Lagno qarshiligini yengishga harakat qiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA