Shaxmat: Javohir Sindorov bugun Vishvanatan Anandga qarshi dona suradi
Hindistonning Bangalor shahrida Global shaxmat ligasi tizimida jamoalar o‘rtasida “Tech Mahindra Global Chess League” turniri o‘tkazilmoqda. Turnirning ilk turida hamyurtimiz Javohir Sindorov yetakchiligidagi “FYERS American Gambits” jamoasi sobiq jahon chempioni Vishvanatan Anand sardorligidagi “PBG Alaskan Knights” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Aytish lozim, “FYERS American Gambits” tarkibida Sindorov bilan birga Bibisara Assaubayeva, Nixal Sarin, Daniil Dubov, Sara Xadem va jamoa bosh menejeri Mark'Andriya Mauritssini dona suradi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat mazkur turnirda Magnus Karlsen sardorligidagi "Alpine APL Pipers” jamoasi, Alireza Firuzja yetakchiligidagi “Triveni Continental Kings” shaxmatchilari ham ishtirok etadi.

E’tiborli jihati, bugun o‘tadigan dastlabki turda Javohir Sindorov Vishvanatan Anandga qarshi kurash olib boradi.
Shuningdek, bugun musobaqa dasturiga muvofiq, Sindorov birinchi taxtada harakatlanadigan “FYERS American Gambits” jamoasi Alireza Firuzja sardorligidagi “Triveni Continental Kings” bilan ham bahs o‘tkazadi. Bu, nufuzli turnirning dastlabki kunida jahon shaxmat ishqibozlari Sindorov va Alireza Firuzja to‘qnashuviga guvoh bo‘ladi, deganidir.
Aylanma tizimdagi “Tech Mahindra Global Chess League” turniri 13-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA