Shaffof iqtisodiyot tadbirkorlikni soyadan chiqaradi
Prezidentimizning 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bugundan mamlakatimiz iqtisodiyotining yangi sahifasini ochdi. Iqtisodiyotning shaffofligini oshirib, naqdsiz to‘lovlarni keng ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish yo‘lida samarali qadam tashlandi.
Bu qadam biznes yuritishda raqobat muhitini rivojlantirib, yashirin iqtisodiyotni qisqartiradi. Tadbirkorlikni soyadan chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Farmonda belgilangan vazifalar amalga oshirilib, mamlakatimiz 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan (yashirin) iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartiradi. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazadi. Iqtisodiyotning rasmiy sektorida band aholi ulushini jami iqtisodiy faol aholiga nisbatan 64 foizga oshiriladi. Iqtisodiy erkinlik indeksi va Korrupsiyani idrok qilish indeksida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini kamida 30 pog‘onaga ko‘taradi.
Shu maqsadda bugun, ya’ni 1-apreldan boshlab Davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanish uchun (bank kassalari orqali to‘lovlar bundan mustasno), alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda, yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektr transport vositalarini zaryadlash xizmatlarida, qiymati 25 million so‘mdan ortiq tovar va xizmatlar uchun (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno), ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan M, N, O va G toifadagi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdisida to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirila boshladi.
Ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarining oldi-sotdisida hisob-kitoblar bank va notarial organlarning axborot tizimlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi orqali amalga oshiriladi.
Buning uchun Markaziy bank joriy yil 1-yanvargacha barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar uchun yagona QR-kodni joriy etdi. Shu yil 1-iyuldan boshlab esa barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR-kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘ladi. Yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish, deb hisoblanadi. Shuningdek, joriy yil 1-iyuldan nazorat va tekshiruvlarning yangi tartibi yo‘lga qo‘yilib, tadbirkorlikka asossiz aralashuvlarning oldini olish uchun tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkaziladigan ayrim tekshiruvlar bodi-kameradan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu qonunbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Farmon bilan soliq va bojxona sohasida ham qator muhim choralar belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:
(a) import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining to‘qqiz oy (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlarning uch oy) davomida sotilmaganligi va qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan ortiq bo‘lgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turganligi holati sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos hisoblanadi;
(b) ko‘chmas mulk ob’ektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi;
(v) O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risida xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmagan taqdirda, ushbu yuridik shaxslarning O‘zbekistondagi faoliyati cheklanadi;
(g) qurilish va savdo sohalaridagi yuridik shaxslar tomonidan o‘zlarining ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning (elektron hisobvaraq-faktura, onlayn nazorat kassa texnikasi cheki, bojxona yuk deklaratsiyasi, notarius tomonidan tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi va boshqa hujjatlar) hisobi yuritiladi va mazkur turdagi operatsiyalar amalga oshirilgandan so‘ng 15 kun muddatda shaxsiy kabinet orqali soliq organlari ma’lumotlar bazasida majburiy aks ettiriladi;
(d) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini tekshiruvlarsiz tezlashtirilgan tarzda qaytarish tartibi ta’sischisi yoki rahbari soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan tadbirkorlik sub’ektlariga, shuningdek, bunday tadbirkorlik sub’ektlarining ta’sischisi yoki rahbari tomonidan oxirgi 12 oyda yangi yoki qayta tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
(j) kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda soliq organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi. Bunda kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilgan hamda soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar to‘liq to‘langanda yuridik shaxsning mansabdor shaxslari jinoiy yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod qilinadi;
(z) sotuvchi tomonidan litsenziyalanadigan yoki ruxsat etish yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari bo‘yicha tovarlar realizatsiya qilinganda, ushbu sotuvchining litsenziyasi (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat yoki xabarnoma) mavjudligi avtomatlashtirilgan tarzda tekshirilib, hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.
Bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish maqsadida bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat bir yilga bir marotaba beriladi.
Farmon iqtisodiyotni raqamlashtirib, shaffoflikni ta’minlash va biznes muhitini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Endilikda nafaqat yashirin iqtisodiyot tubdan qisqartiriladi, balki aholi va tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratilib, xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rnini ko‘tarishda muhim omil bo‘ladi.
Shavkat Yaxshiqulov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Surxondaryo viloyat sho‘’basi yetakchi inspektori.
O‘zA