Senat: inflyatsiya darajasini yanada pasaytirish, to‘lov tizimlari xavfsizligini ta’minlash zarur
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Markaziy bank faoliyatida asosiy e’tibor iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash, inflyatsiya darajasini pasaytirish va uni o‘rta muddatli 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga yaqinlashtirish, pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish, shuningdek, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgani qayd etildi.

Hisobot davrida mamlakat iqtisodiyoti barqaror o‘sishni namoyon etib, yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga oshgan. Umumiy inflyatsiya pasayib, yil yakunida 7,3 foizni tashkil etgan va 2024-yilga nisbatan 2,5 foizga kamaygan. Bazaviy inflyatsiya ham 5,7 foizgacha sekinlashgan.
2025-yilda Markaziy bankning asosiy stavkasi 14 foiz darajasida belgilanib, yil davomida ushbu darajada saqlab qolingan. Pul bozoridagi operatsiyalar hajmi 783 trillion so‘mni tashkil etgan.

Moliyaviy sektorda ijobiy natijalar qayd etilgan. Jumladan, banklar aktivlari 925 trillion so‘mga yetgan, iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari 653 trillion so‘mni tashkil etgan, ajratilgan kreditlar hajmi 390 trillion so‘mga yetgan. Mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 131 trillion so‘m kredit ajratilgan, 3,46 million kishining bandligi ta’minlangan.
Bank tizimi barqarorligi ko‘rsatkichlari yaxshilanib, kapital monandligi 18,3 foizni tashkil etgan va belgilangan minimal talablardan yuqori darajada saqlangan. Muammoli kreditlar ulushi 4 foizdan 3 foizgacha pasaygan.
Valyuta bozorida ijobiy dinamika kuzatilib, milliy valyuta AQSH dollariga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlangan. Xalqaro zaxiralar hajmi 66,3 milliard dollarga yetib, 61 foizga oshgan.

To‘lov tizimlari va raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish borasida ham sezilarli o‘sish qayd etilgan. Xususan, mobil ilovalar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi 646 trillion so‘mni tashkil etib, 1,6 barobarga ko‘paygan.
Majlisda senatorlar inflyatsiya darajasini yanada pasaytirish, pul-kredit siyosati vositalarini takomillashtirish, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, to‘lov tizimlari xavfsizligini ta’minlash hamda kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi.
Muhokama yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA