Davlat auditi va moliyaviy nazoratni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi
Bugungi kunda davlat moliyaviy boshqaruvida shaffoflik va samaradorlikni ta’minlash, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda. Shu maqsadda sohada zamonaviy audit va nazorat mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan davlat auditi va moliyaviy nazorat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘quv-seminar tashkil etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni asosida vazirlikda Hisob palatasining doimiy vakili faoliyati yo‘lga qo‘yilgani hamda uning asosiy vazifalari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Hisob palatasi vakili tomonidan moliyaviy boshqaruvda xavflarni oldindan aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar, amaliy mexanizmlar hamda ularni qo‘llash jihatlari tushuntirildi.

Seminar doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat xaridlarini shaffof tashkil etish, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, moliyaviy intizomni mustahkamlash masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.
N.Rahmonova, O‘zA