Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Majlisda ma’ruza qilgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva sakkiz yil oldin Prezidentimiz ilgari surgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi xalqimizni jipslashtiruvchi, ulug‘vor maqsad va ulkan marralarga undovchi milliy g‘oyaga aylanganini qayd etdi.
Ushbu g‘oyani ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi tinimsiz sa’y-harakatlar, o‘zgarish va yangilanishlarni har birimiz o‘z hududimiz, mahallamiz, umuman, hayotimiz misolida ko‘rib turibmiz.
Keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari: yangi shaharlar, yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlari, yirik sport inshootlari, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat maskanlari xalqimizning bugungi va kelajagini farovon qilishga qaratilgan.
– Odamlarimiz daxldorlik hissi bilan yo‘g‘rilgan yangicha fikr, yangicha dunyoqarash, yangicha orzu-umidlar bilan yashamoqda, – dedi Tanzila Norboyeva. – Ularni ro‘yobga chiqarish, umuman xalqimizni rozi qilish Prezidentimiz yetakchiligidagi islohotlarning bosh maqsadi. Ana shu maqsad yo‘lida obodlik ko‘lami, taraqqiyot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada kengayib, jadallashib bormoqda.
Keyingi sakkiz yilda yalpi ichki mahsulot 2 karra oshib, o‘tgan yil 115 milliard dollarga, eksport hajmi 26 milliard dollarga yetgan. Yil yakunigacha yalpi ichki mahsulot 130 milliard dollarga yetadi. Oltin-valyuta zaxiralari tarixda ilk bor 48 milliard dollardan oshdi, o‘tgan sakkiz yilda yurtimizga qariyb 130 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib kelgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar ko‘p jihatdan yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan oqilona siyosat samarasi ekanini e’tirof etish kerak.
–Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlik iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi, oldinga boshlovchi katta kuchga aylanganini alohida ta’kidladi. Yaqinda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan bo‘lgan ochiq muloqotida bunga hammamiz yana bir bor amin bo‘ldik. Ishbilarmonlar ko‘payib, yuzlab korxonalar faoliyati borgan sari kengayib, rivojlanmoqda. Ish o‘rinlari soni ham oshmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 5 million aholi bandligi ta’minlandi. Birgina biznesni “soya”dan chiqarish bo‘yicha olib borilgan tizimli choralar natijasida ish o‘rinlari soni 800 mingdan ziyodga ko‘paygan. Bu yil jami 35 milliard dollar investitsiya evaziga 9 mingga yaqin yangi korxona, xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etiladi. Bu degani, hududlarimiz yanada obod bo‘ladi, aholi uchun qulay, zamonaviy sharoitlar yaratiladi, minglab qo‘shimcha ish o‘rinlari ochiladi, oilalar farovonligi yanada yuksaladi, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA