Senat Raisi: Yangi O‘zbekiston taraqqiyotning mustahkam va izchil yo‘lidan dadil odimlamoqda
Senat yalpi majlisida Prezidentimiz rahbarligida Yangi O‘zbekiston taraqqiyotning mustahkam va izchil yo‘lidan dadil odimlayotgani alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimiz iqtisodiy qudrati yuksalib, xalqaro maydondagi nufuzi tobora mustahkamlanmoqda, xalqimiz hayotining barcha sohalarida keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirilmoqda.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva amalga oshirilayotgan barcha islohotlar markazida inson qadri, xalq manfaati va mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyotiga xizmat qiluvchi strategik maqsadlar turganini qayd etdi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiq, pragmatik va milliy manfaatlarga asoslangan tashqi siyosat tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi tobora mustahkamlanmoqda, - dedi T.Norboyeva. – Yaqinda Prezidentimiz Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida hozirgi global o‘zgarishlar sharoitida mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, milliy iqtisodiyotimizni zamon talablari darajasida yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qo‘lga kiritilgan tarixiy natijalar hamda istiqboldagi maqsad va marralar haqida xalqaro hamjamiyatni atroflicha xabardor qildi. Ochiq va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot bugungi kunda barqaror taraqqiyotning eng muhim sharti ekani ta’kidlanib, umumiy rivojlanishga, milliy, mintaqaviy va global manfaatlarga xizmat qiladigan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish, inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma onlayn-platforma yaratish, “Samarqanddan Peterburggacha” kreativ-turistik yo‘lagini tashkil etish kabi tashabbuslar mamlakatimiz xalqaro hamkorlik sohasida yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishining boshlangani mamlakatimizning nafaqat energetik xavfsizligini ta’minlash, balki iqtisodiy va texnologik taraqqiyoti yangi bosqichga chiqayotganidan dalolat beradi.
Norgul Abduraimova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA