Senat Raisi: Yangi O‘zbekistondagi islohotlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Senatning yalpi majlisini kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimiz hayotida so‘nggi davrda xalqaro, iqtisodiy, ijtimoiy hamda ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega qator muhim voqealar ro‘y berganini alohida ta’kidladi.
– Bu voqealarning barchasini o‘zaro bog‘lab turgan yagona va mustahkam g‘oya mavjud, – dedi T.Norboyeva. – U ham bo‘lsa, Prezidentimiz rahbarligida yangi O‘zbekistonda ochiqlik, pragmatizm, xalq manfaati, inson qadri va hududlar taraqqiyotiga asoslangan davlat siyosatining izchil amalga oshirilayotgani hamda uning amaliy samaralari hayotimizning barcha jabhalarida yaqqol namoyon bo‘layotganidir.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar, keyingi muhim yig‘ilishlarda ilgari surilgan tashabbuslar hamda hududlarga tashriflar davomida berilgan topshiriqlar amalga oshirilayotgan islohotlarni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarmoqda.

Bu esa, barcha darajada ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, ijro intizomini yanada mustahkamlash hamda har bir qabul qilinayotgan qarorning aniq amaliy natija berishiga erishishni taqozo etmoqda.
Bugun mamlakatimiz taraqqiyotining barcha ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha aniq maqsad va vazifalar belgilab berilgan.
Endi asosiy e’tibor ularning to‘liq, sifatli va belgilangan muddatlarda ijro etilishini ta’minlashga qaratilmoqda.
Bu jarayonda senatorlar, mahalliy kengashlar, vazirlik va idoralar, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari hamda keng jamoatchilikning mas’uliyatli va faol ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan majlisda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, hududlarni kompleks rivojlantirish, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim qonunlar va dolzarb masalalar ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA