Saylovchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston “Adolat” SDP va uning nomzodlari tomonidan saylovoldi tashviqoti tadbirlari amalga oshirilmoqda. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda partiyadan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga qo‘yilgan nomzodlar ishtirok etib, saylovchilarga partiyaning Saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida ma’lumotlar berildi.
Dastlab partiya Toshkent shahar kengashi raisi Muharram Dadaxodjayeva tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, partiyaning Toshkent shahar Kengashidan ko‘rsatilgan nomzodlar va ularning ishonchli vakillarini tanishtirdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston “Adolat” SDPning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” shiori ostida dolzarb va xalqchil g‘oyalar, tashabbuslar ilgari surilgan. Jumladan, Saylovoldi dasturida tergov ostidagi shaxs ichki ishlar binosida vafot etgan holatda har bir holatni oshkora tergov qilib, aybdorga nisbatan qat’iy javobgarlik ko‘rish tashabbusi ilgari surilmoqda. Ushbu takliflar joriy etilishi asnosida ichki ishlar xodimlari tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘liq ta’minlanishiga erishiladi.
Shuningdek, fuqarolarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga yo‘l qo‘yilishining oldi olinadi. Saylovchilar, keng jamoatchilik tomonidan bu kabi tashabbuslar qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Uchrashuv davomida nomzodlar saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturlari bilan tanishtirib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
M.Komilova, O‘zA