Samarqandning yangi sayyohlik manzillari
Bir paytlar sarxil meva-sabzavotlari, mirishkor dehqon va bog‘bonlari bilan bilan tilga tushgan Samarqand tumani bugun betakror sayyohlik manzillari orqali ham yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlar e’tiborini tortmoqda.
Tumanning tog‘ bag‘rida joylashgan Ohalik, Oqbo‘yro, Mironqul mahallalari, bir necha asrlik hunarmandlik an’analarini asrab kelayotgan va shu tufayli yurtimizda birinchi turizm qishlog‘i maqomi berilgan Konigil qishlog‘i, tarixiy obida va muqaddas qadamjolari bilan mashhur Xo‘ja Ahrori Valiy majmuasi ayni chog‘da Samarqandning muhim sayyohlik nuqtalari hisoblanadi. Ayniqsa, go‘zal manzarasi va musaffo tabiati bilan yilning to‘rt faslida ham kishilarni o‘ziga rom etuvchi tog‘li hududlarda bugun sayyohlik asosiy drayverga aylanib, yangi ob’ektlar, dam olish maskanlari tashkil etilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining 2024-yilning 6-fevralda qabul qilingan “Ohalik-Oqbo‘yro-Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.
– Mazkur qaror bilan Ohalik, Oqbo‘yro va Mironqul mahallalaridagi 5 ming gektar tog‘li va tog‘oldi hududlarni o‘z ichiga olgan “Ohalik-Oqbo‘yro-Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etildi, – deydi Samarqand tumani hokimi Sirojiddin Usmonov. – Hozirda mazkur hududda 170 ga yaqin kichik va 50 dan ortiq yirik dam olish maskanlari mavjud bo‘lib, ma’lumotlarga ko‘ra, bahor va yoz oylarida 1,1 milliondan ortiq mahalliy va xorijlik sayyohlar kelgan. Ayni paytda rekreatsion zonasidagi 350 gektar yer maydoni bo‘yicha master-reja ishlab chiqilgan va 85 ta yer maydoni Ye-AUKSION savdolariga qo‘yilgan. Uch mahallada etnoturizm, ekoturizm, agroturizm va ekstremal turizmni tashkil etish maqsadida 185 ta loyihani ishga tushirib, turistlar sonini 2,7 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Hududdagi 8 ta turizm loyihasi infratuzilmasini rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 34,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Bu sayyohlik manzillari va dam olish maskanlariga boradigan yo‘llarni ta’mirlash va kengaytirish, suv, elektr tarmoqlari tortish, internet aloqasini yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilmoqda. Buning natijasida qo‘shimcha 15 ta turistik ob’ekt tashkil etiladi. Yil yakuniga qadar 2700 o‘ringa mo‘ljallangan 9 ta mehmonxona, 36 ta xostel, 96 ta oilaviy mehmon uyi ochiladi va joylashtirish vositalari 974 taga, o‘rinlar soni 24 700 ga yetkaziladi. Shuningdek, 18 ta ovqatlanish maskani, 40 ta savdo nuqtasi faoliyat boshlaydi. Hududda havo sharlari, paraplan, osma dor yo‘li singari zamonaviy turistik xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Natijada 10,2 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumi ta’minlanadi. Umuman, 2026-2027-yillarda turistik-rekreatsion zonada 250 dan ortiq yangi loyiha ishga tushirib, turizmni rivojlantirish orqali 2000 dan ko‘proq ish o‘rinlari yaratiladi, aholi daromadi ko‘paytiriladi va byudjetga 67 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushishiga erishiladi.
Yaqinda turistik-rekreatsion zonadagi Oqbo‘yro mahallasida “Zarra Resort” dam olish maskani loyihasining birinchi bosqichi yakunlanib, foydalanishga topshirildi. 7 gektar maydondagi majmua zamonaviy mehmonxona va dam olish xizmatlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, keyingi bosqichlari yakunlangach, yiliga 300 ming nafargacha mehmonga xizmat ko‘rsatadi.
Ayni paytda obodonlashtirish va jihozlash ishlari olib borilayotgan Mironqul mahallasidagi “EDELVEYS” dam olish maskani esa yiliga 420 ming sayyohga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda nafaqat dam olish, balki salomatlikni ham tiklash mumkin.
– Mazkur loyiha 50 gektar maydonni o‘z ichiga oladi va dastlabki bosqichda 34 gektar maydonda qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, – deydi “Ohalik-Oqbo‘yro-Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi rahbari Faridun Hotamov. – Bu yerda ikkita katta mehmonxona, ellikdan ortiq dam olish maskanlari yozgi va qishki cho‘milish havzalari tashkil etildi. Mehmonxonalar sanatoriy tipida bo‘lib, nafas yo‘llari kasalliklarini davolash uchun zarur jihoz va uskunalar o‘rnatilmoqda. Muhimi, dam olish maskani va uning atrofida shu paytgacha 73 mingdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi, archazorlar tashkil etildi va bu ish davom ettirilib, har yili 10 ming tup Qrim qarag‘ayi o‘tqazilmoqda. Shu oyning yakuniga qadar ochilishi kutilayotgan maskanda dastlab 200 dan ortiq, loyiha to‘la ishga tushgach, 800 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Yangi dam olish maskani tashkil etilishi bilan Mironqul mahallasi va bu yerdagi boshqa sayyohlik manzillari infratuzilmasi ham yangilandi. Jumladan, 5,5 kilometr masofada asfalt yotqizilib, piyodalar yo‘laklari tashkil etildi, shuncha masofada tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Ikkita ko‘prik ta’mirlandi. Sayyohlik zonasida birinchi bosqichda amalga oshirilishi belgilangan loyihalar shu yilning avgust oyida to‘liq ishga tushadi va so‘ngra ikkinchi bosqichga kirishamiz. Mironqul, Ohalik va Oqbo‘yro mahallalarini bog‘lovchi dor yo‘li qurilishi, paraplanda uchish va ziplayn tashkil etish ikkinchi bosqichning eng katta va asosiy loyihalari hisoblanadi. Shuningdek, yoshlar uchun faol turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida qiymati 1 million AQSH dollariga teng bo‘lgan kvadrosikl, otda sayr qilish, kamondan o‘q uzish xizmatlarini tashkil etish loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 10-iyunda qabul qilingan “Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida “Ohalik-Oqbo‘yro-Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi hududida joylashgan Samarqand davlat texnika universiteti hamda Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga tegishli bo‘lgan oromgohlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga berib, 2026-yil oxiriga qadar belgilangan tartibda samarali foydalanish va (yoki) investorlarga realizatsiya qilish uchun bir oy muddatda “Ohalik-Oqbo‘yro-Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasiga o‘tkazish belgilandi. Mironqul mahallasidagi tog‘ bag‘rida joylashgan, jami 28 gektar maydonni egallagan oromgohlarning direksiyaga berilishi hududda yangi dam olish maskanlari tashkil etish va turizmni rivojlantirishga xizmat qilishi tabiiy.
[gallery-30272]
Bugungi kunda Samarqand tumanidagi Konigil va Oqbo‘yro mahallalari turizm qishlog‘i maqomiga erishgan bo‘lib, mazkur hududlarda sayyohlik jadal rivojlanmoqda. Mazkur tarmoqda band bo‘lgan aholi soni oshib borayotir. Kelgusida Ohalik, Mironqul hamda Jo‘yi Abbos mahallalariga ham turizm qishlog‘i maqomi berilishi uchun mazkur hududlarning o‘ziga xos tarixiy ko‘rinishi, an’ana va qadriyatlari saqlangan holda zarur infratuzilma yaratilmoqda.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari